AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsmen ikki yillik faoliyatidan so’ng iste’fosini e’lon qildi. Uning aytishicha, bu davr ikki mamlakat munosabatlari uchun og’ir kechdi.
Jon Xantsmenning nomzodi ikki yil oldin Senatda ko’rilayotganida u bo’lajak ishining murakkab bo’lishini tan olgan edi.
“Rossiya Federatsiyasida AQSh elchisi bo’lib ishlash oson bo’lmasligini yaxshi tushunaman”, - degan edi u.
Xantsmen AQSh Rossiyani 2016-yil prezident saylovlariga aralashganlikda ayblab, bu ishni tergov qilayotgan bir paytda ishladi.
Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazi eksperti Mark Simakovskiyning aytishicha, bunday vaziyatda elchiga o’z vazifalarini bajarish oson emas.
“AQSh-Rossiya munosabatlari ko’p jihatdan bu masalaning Vashingtondagi qizg’in muhokamalari va Kongressdagi har ikki partiya vakillarining Moskva bilan aloqa va muloqotni cheklash talablari bois to’xtab qoldi”, - deydi u.
Xantsmen iste’fo arizasida Rossiyaning AQSh yoki ittifoqchilariga qarshi harakatlariga javob berish kerakligini ta’kidladi.
Elchi oktabrda Moskvani tark etishi kutilmoqda. Ayrim xabarlarga ko’ra, 2009-yilgacha Yuta shtatida to’rt yil gubernatorlik qilgan siyosatchi yana bir muddatga saylanish ustida o’ylanmoqda.