Muallim va tarbiyachilarning aytishicha, Amerika maktablarida bolalar jamiyat asoslaridan yetarlicha bilim olmayapti. Fuqarolik huquqlari va majburiyatlari haqida o’quvchilarga kengroq tushuncha berishimiz lozim, deydi ular. “Amerika Ovozi” Nyu-Yorkdagi maktablardan birida bo’ldi.
Oltinchi sinf o’quvchilarining diqqati kompyuterda. “Oq uyga saylaning” deb nomlangan video o’yin o’ynamoqda ular.
O’yinda siz - prezidentlikka nomzodsiz. Qurol nazorati, immigratsiya singari bahsli mavzularda o’z qarashlaringizni tushuntirasiz, poygada qatnashasiz.
Maktablarda fuqarolik asoslari bo’yicha darslarni ko’paytirishga qaratilgan internet loyihaning bir qismi bu. Uning muallifi - AQSh Oliy Sudining sobiq a’zosi Sandra Dey Okonnor.
“i-Civics” dasturi - yoshlar bilimini oshirishning eng samarali usuli. Ularga tanqidiy fikrlashni o’rgatadi”, - deydi Okonnor.
Ta’limiy, interaktiv onlayn o’yinlar hokimiyat organlari, shuningdek, davlat konstitutsiyasini qamrab oladi. Amerika bo’ylab 70 ming muallim va uch million talaba uchun o’quv rejasi ham ishlab chiqilgan.
“Bizni real dunyoga tayyorlaydi. Deylik, prezident bo’lmoqchisiz yoki debatda qatnashmoqchisiz. O’yinda hammasi bor”, -deydi o'quvchi Jayla Vilyams.
"Chuqur o’ylab, qarorlar qabul qilish talab qilinadi. Chunki prezident bo’laman degan odam shtatlarni o’ziga ergashtira olishi kerak”, - deydi yana bir o'quvchi.
Ariel Bosvort 6- va 8-sinf o’quvchilariga ijtimoiy fanlardan dars beradi.
“Jamiyatda har bir fuqaroning ovozi nima uchun muhim ekanini tushuntiraman o’quvchilarga. Video o’yinga o’quv materiallari, aniq reja biriktirilgani ayni muddao. Hukumat faoliyatida saylovchi ishtirokining ahamiyatini yaqqol ochib beradi”, - deydi u.
Har bir o’yin muayyan reja va simulyatsiyadan iborat. Hokimiyat organlari alohida va birgalikda qanday ishlashini, siyosiy va iqtisodiy faktorlar hukumat ishiga qanday ta’sir etishini o’rganadi bola. Maktab direktori Deni Makpartlin o’qituvchilarda ham gap ko’p, deydi.
“Onlayn programmalar samarasi ko’p jihatdan muallimga bog’liq. Qanchalik o’quvchilar bilan bog’lana olsa, ularni qiziqtira olsa, bilimga chanqoqlik oshadi”, - deydi u.
Sobiq sudya Sandra Dey Okonnor tashabbusi bilan boshlangan “i-Civics” programmasidan hozir Amerikada yuzlab maktablar foydalanmoqda.
Pedagoglar deydiki, millionlab saylovchi ko’nglini olish prezidentlikka nomzodlar uchun qanchalik murakkab ekanini tushunib olishda bu o’yinlar yordam beradi.