AQShda immigratsiya qonuni kuchaytirilganidan beri noqonuniy muhojirlarga qiyin bo’ldi. Reydlar, kuzatuvlar va ta’qiblar ularni advokatlarga murojaat qilishga majburlamoqda.
Kaliforniya shtatidagi bir katolik cherkovi immigratsiya masalasi bilan shug’ullanuvchi yuristlarni to’plab, bir haftada bir marta hujjatsiz immigrantlarga bepul yuridik maslahat soatlari uyushtirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Muhojirlardan ko’plab savollar olamiz. Masalan, ular qo’lga olinsa, nima qilishi kerakligini bilishni istaydi”, - deydi advokat Yanira Lemus.
Loyola yuridik maktabi ham bu loyihada qatnashadi. Mijozlarga bepul yoki arzonroq xizmatlar ko’rsatiladi.
Xorxe Ramires Amerikaga Gvatemaladan 20 yil oldi kelgan, haligacha hujjati yo’q.
“Amerika - imkoniyatlar mamlakati. Qattiq mehnat qilsangiz, murodingizga erishasiz. Biroq ishlash, o'qishga ruxsat kerak”, - deydi u.
Noqonuniy muhojirlar so’nggi kunlarda Vashingtondagi voqealarni yaqindan kuzatmoqda. Kongress va Prezident Tramp sobiq rahbar Barak Obama ma’muriyati yaratgan “DAKA” dasturi taqdirini muhokama qilmoqda. Dastur bolaligida Amerikaga noqonuniy olib kelingan muhojirlarni deportatsiyadan vaqtincha himoya qilib kelgan edi.
Tramp dasturni tugatmoqchi. Kongress uning o’rniga qonun qabul qilmoqchi, biroq qonunchilar Oq uy bilan hozircha kelisha olmayapti.
Salvador, Nikaragua, Gaiti va Sudandagi mojaro va tabiiy ofatlar paytida AQShga keltirilgan muhojirlarga berilgan himoya maqomi ham yaqinda bekor qilinishi kutilmoqda.
“Odamlar hayajon, qo’rquv, vahimada”, - deydi cherkov xodimi Elli Idalgo.
Uning aytishicha, ko’p oilalarning maqomi aralash. Masalan, AQShda tug’ilgan farzandlarning ota-onasi hujjatsiz bo’lsa-da, umrining asosiy qismini Amerikada o’tkazgan. Ularning taqdiri ham mavhum.