Markaziy Osiyodan 10 jurnalist AQShda malaka oshirmoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Ayni damda Markaziy Osiyodan 10 yosh jurnalist – muharrir, muxbir va bloggerlar – Amerikada malaka oshirmoqda. Xalqaro jurnalistlar markazi, Vashingtonda joylashgan nohukumat tashkilot, AQSh Davlat departamenti bilan hamkorlikda bu yili ikkinchi bor Markaziy Osiyodan jurnalistlarni Amerikaga olib kelib, ularni bu mamlakat axborot vositalari faoliyati bilan tanishish imkoniyatini taklif qilmoqda.

Mehmonlar “Amerika Ovozi”ga ham tashrif buyurishdi. Har kuni 45 tilda efirga chiqadigan teleradiomiz haqida ularga gapirib berdik va ishimizning murakkab va o’ziga xos jihatlari haqida muloqot qildik. Tashkilotimiz Markaziy Osiyoga faqat o’zbek tilida axborot uzatadi. Pragadagi hamkorimiz “Ozodlik” radiosi esa mintaqaning besh yirik tilida dasturlar beradi. Jurnalistik talablar, ta’lim va tajriba ahamiyati hamda qiyinchiliklar haqida fikr almashdik. Bu yoshlar – jurnalistlarning yangi avlodi. Kasbiga nisbatan jiddiy yondashib, professional tamoyillarga sodiq holda ishlashga harakat qilayotgani haqida eshitdik.

Araylim Kulmaganbetova Qozog’istondan, televideniyeda ishlaydi.

“Bu dasturda qatnashayotganimdan juda xursandman. Ajoyib imkoniyat men uchun. “Amerika Ovozi” ga kelib, sizning tahririyat bilan tanishganimdan ham mamnunman. Bu tashkilot haqida ko’p eshitganmiz va bir kun bu yerga kelaman deb tasavvur ham qilmagan edim", - deydi Araylim.

Bu programmaga Araylim boshqalar singari mustaqil holda topshirgan. Amerikadan olgan saboqlar vatanda qo’l kelishiga umid qilmoqda.

“Kelishimiz bilan mashg’ulotlarni boshlab yuborishdi va allaqachon ancha ma’lumot oldim. Endi mana alohida tashkilotlarga, har birimiz turli axborot vositalariga yo’l olib, u yerda malaka oshiramiz”, - deydi suhbatdosh.

Araylim bu dastur haqida “Facebook”da xabar topgan, tanishlari unga link yuborishgan. “Elektron pochtani vaqtida tekshirib turish kerak ekan, javobini kechroq bildim, bu imkoniyatni qo’ldan boy berishimga sal qoldi, bu ham saboq bo’ldi”, - deydi u.

Ayjan Rimbayeva ham Ostonadan, “Xabar” telekanalida muharrir.

“Bu programma haqida internetdan bildim. Dugonam link yubordi. Bu shundan dalolatki, internet juda muhim. Nafaqat ko’ngilochar vosita balki shaxsiy-professional o’sishda ham qo’l keladi. Uni ishlatishni bilish kerak. AQShning Ostonadagi elchixonasiga bu borada imkoniyat yaratgani uchun, Xalqaro jurnalistlar markazi esa bu programmani yuritayotgani uchun rahmat deymiz. Yangi bilim va tajribaga ega bo’lamiz, shu bilan birga amerikalik hamkasblar bilan aloqa o’rnatamiz. Har tomonlama foyda bu bizga”, - deydi Ayjan.

Jurnalistlika texnologiya sharofati bilan osonlashgan deb o’ylasangiz, xato qilasiz. Ilg’or uskunalar, axborotni bir nuqtadan ikkinchisiga bir zumda eltadigan moslamalar albatta ulkan burilishlarga yetaklamoqda. Texnologiyada har kuni bir yangilik. Jurnalistikaning qay jabhasida bo’lmang, har kuni bu sohada o’ziga xos o’zgarish. Axborot yig’ish, uni uzatish va muhokama qilish, auditoriya bilan aloqa usullari daqiqa sayin takomillashib va shu bilan birga murakkablashib bormoqda. Xolislik va aniqlik asosiy shior deya mikrofon ko’targan jurnalistlar oldida yangidan yangi etik masalalar va savollar. Raqobat bugun, qay jamiyatda bo’lmasin, nihoyatda kuchli, chunki qo’lida smartfon ko’targan har qanday odam bugun xabarchi.

Kim, nima, qayerda, nima uchun va qanday qilib degan savollarga javob topib, ularni uyali telefon orqali ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylash, ommani o’ziga qaratish, munozara olib borish mumkin.

Professional jurnalist undan nimasi bilan farq qiladi? Axborot va tahlil sifati bilan.

Shu bois ham yosh jurnalistlardan ishonchli, jamiyat uchun foydali, uning hayotiga ta’sir qiluvchi masala va muammolarni yorituvchi, insoniyatni o’ylatib, yechimlar qidirishga undovchi materiallar berish kutiladi. “Amerika Ovozi”ga kelgan hamkasblarimiz bilan shu haqda gaplashdik.

Markaziy Osiyoda axborot vositalari taraqqiyoti o’ta muhim, chunki har bir jamiyatda matbuot erkinligi va jurnalistik faoliyat cheklangan. So’z va fikr erkinligi bobida besh respublika azaldan oqsab keladi.

Biroq bugun mintaqa global tarmoqda. Internet va shu tariqa dunyoga misli ko’rilmagan darajada bog’langan. Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekistondan maxsus tanlov orqali kelgan 10 jurnalist umid va g’ayratga to’la. Ular, shubhasiz, Markaziy Osiyo jurnalistikasi kelajagi.

Yosh jurnalistlar "Amerika Ovozi"da

Ayni damda bu yosh mutaxassislar Amerika bo'ylab amaliyotda

Bugungi zamonda yo’nalishlar qorishib, uyg’unlashib ketgan. Yaqingacha televideneniye, radio, gazeta-jurnal, qolaversa internet jurnalistika deb sohani bir necha qismlarda ko’rar edik. Bugun hammasi multimedia axborot vositalari yoki shu tomon ketmoqda. Chunki odamlar axborotni asosan internetdan olishga o’tgan. Informatsion texnologiya yetakchilariga ko’ra, istiqbolda global tarmoq hamma uchun asosiy platforma bo’ladi.

AQShga malaka oshirishga kelgan markaziy osiyolik jurnalistlar yangicha reallik bilan tanishar ekan, amerikalik hamkasblari ularni bir narsani unutmaslikka undamoqda: material ommaga qay tarzda yetkazilmasin, mazmun va mohiyatdagi talablar o’sha-o’sha: jurnalistika davlat va xalq, hokimiyat va jamiyat orasidagi ko’prik. Materiallarda odamlarni qiynayotgan masalalar aks etishi kerak. Muhim voqealarni yoritishda buning insonlar hayotiga nima ahamiyati bor degan savolga javob berish kerak. Bu esa har qanday mamlakat jurnalisti uchun eng qiyin va muhim vazifa.

Markaziy Osiyodan kelgan 10 yosh jurnalist "Amerika Ovozi" O'zbek xizmati mehmoni