BMT idoralarining ma’lum qilishicha, Suriyaning shimoli-g’arbdagi Idlib viloyatida Suriya va Rossiya kuchlarining isyonchilarga qarshi hujumlari kuchayar ekan, tobora ko’proq odam hududni tark etishga shoshilmoqda.
BMT so’nggi 10 haftada salkam 700 ming odam Idlib va atrofdagi rayonlardan qochganini bildirmoqda. Aksariyati ayollar va bolalar. Suriya hukumati Rossiya yordamida isyonchilarning so’nggi qal’asi bo’lmish Idlibni qayta ishg’ol qilishga urinmoqda.
BMTning gumanitar masalalar bo’yicha muvofiqlashtiruvchisining matbuot kotibi Yens Laerkega ko’ra, bu Suriyada salkam to’qqiz yil oldin fuqarolar urushi boshlanganidan beri odamlarning bir joydan boshqa joyga eng katta ko’chishidir.
“Gumanitar vaziyat usiz ham ayanchli edi. Xavfsizlik, boshpana, suv, oziq-ovqat, sanitariya sharoitlari, gigiyena anjomlari, tibbiy xizmatlar, favqulodda vaziyatlar bo’yicha axborot – ularning barchasiga talab katta”, - deydi u.
Yordam tashkilotlari faoliyatini kuchaytirmoqda. Joriy oyda insonlar hayotini saqlab qolish uchun zarur yuk ortilgan 230 dan ortiq mashinalar qo’shni Turkiyadan Suriyaga kirgan.
Turkiya Idlibdagi isyonchilarni qo'llab-quvvatlar ekan, Suriyaga qo'shin kiritib, Bashar Assad armiyasini to'xtatishga urinmoqda. Bir kun oldin hujumda besh nafar turk askari halok bo'lganidan so'ng Anqara Suriya kuchlari pozitsiyalarini nishonga olgan, bir harbiy vertolyotni urib tushirgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Suriya armiyasining turk askarlariga qarshi hujumlari javobsiz qolmasligini aytdi.
Suriya armiyasi to'rt yirik shaharni bir-biriga ulovchi M5 trassasini to'liq nazoratiga olgan.
Mojaro zonasidan qochayotgan odamlar haddan ziyod to’lgan lagerlarda yashamoqda.
BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi matbuot kotibi Andrey Maxejijning aytishicha, qishning sovuq kunida uysiz qolgan minglab aholi boshpanaga muhtoj.
“Ikki kun oldin hududni “Karim” to’foni urganidan xabaringiz bor. Qor, shamol, yomg’ir tufayli havo harorati noldan tushgan. Bu ham muammoga muammo qo’shmoqda”, - deydi u.
BMT hisobiga ko’ra, Suriya mojarosi natijasida 5,5 milliondan ziyod suriyalik mintaqaning turli mamlakatlariga qochishga majbur bo’lgan, uylaridan qochib Suriyaning o’zida qolganlar soni esa olti milliondan oshdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatning shimoli-g’arbida 2,8 million odam yordamga muhtoj deya, a’zo mamlakatlardan kelasi olti oyda 800 ming odamni zarur yordam bilan ta’minlash uchun 336 million dollar xayriya qilishga da’vat etmoqda.
Bugun Anqaraga borgan AQShning Suriya bo'yicha maxsus vakili Jeyms Jeffri Turkiya rahbariyati bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgan. Unga yana bir maxsus vakil Joel Reyborn hamrohlik qilmoqda.