Nyu-Yorkda "noqonuniy kelgindi" deb kamsitish jarimaga olib keladi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Nyu-York - xilma-xillik o’chog’i. Dunyoning turli burchaklaridan odamlar bu yerga yashash va ishlash uchun kelishadi, ammo irqchilik hanuz muammo. Shu bois Nyu-York shahar inson huquqlari komissiyasi yaqinda bir qonunni qo’llab-quvvatladi.

Nyu-York shahrida “noqonuniy kelgindi” degan iborani birovni kamsitish uchun qo’llasangiz yoki hozir immigratsiya xizmatini chaqiraman deb birovni qo’rqitishga harakat qilisangiz, sizga 250 ming dollargacha jarima solinishi mumkin.

Shahar inson huquqlari komissiyasi yangi qoidani misollar bilan tushuntirmoqda. Masalan, ingliz tilida gapirmasang, Amerikadan ket qabilidagi gaplar taqiqlanadi.

Nyu-York meri Bill de Blasioning “Twitter” orqali yozishicha, muhojirlar shahriga nafrat tarqatish uchun kelmoqchi bo’lganlar buning oqibatlari bilan yuzlashadi.

Shahar ma’muriyati, shuningdek, muhojirlar va ularning oilalarini qo’llab-quvvatlash uchun qo’shimcha mablag’ ajratadi. Immigrantlarga bepul yuridik maslahat beruvchi loyihaga 16 million dollar beriladi.

Shahar kengashi a’zosi Kori Jonsonning aytishicha, Nyu-Yorkdek yirik shaharda 8,6 million aholining 36 foizi Amerikadan tashqarida tug’ilgan.

“Shahrimizda irqchilik va ksenofobiyaga qarshi kurashuvchi dasturni moliyalayapmiz, boshqa joylarga ham o’rnak bo’lsin”, - deydi u.

Biroq yangi qoida hammaga ham ma’qul emas. Nyu-York shtati Konservativ partiyasi rahbari Jerard Kassar ish sudga oshirilishini aytadi.

“Mahalliy hukumat haddidan oshayapti, go’yoki odamlarning fikru-xayolidagi gaplarni o’qiy oladigandek o’zini tutayapti. Bunday qoidalarga o’rin yo’q. Agar birov sudga shikoyat qilsa, shahar ma’muriyati yutqazadi”, - deydi Kassar.

Nyu-yorkliklar yangi qoida bo’yicha turlicha fikrda.

“Konstitutsiyada yozib qo’yibdi, so’z erkinligi bor. Bu huquqni bizdan tortib ololmaysiz. Erkin mamlakatda yashayapmiz axir”, - deydi bir nyu-yorklik.

“Birovni kamsitish to’g’ri emas. Irqchi bo’lmaslik ayrimlarga jarima orqali o’rgatilsa, qarshi emasman”, - deydi yana bir nyu-yorklik.

Sentabrda Nyu-Yorkdagi bir kvartira egasi 17 ming dollar jarimaga tortildi. U hujjatsiz ijarachini vaqtida to’lay olmasang, immigratsiya xizmatini chaqiraman deb qo’rqitgan.