Illinoys shtatida immigrantlarga imtiyoz yaratuvchi qonun qabul qilindi

  • Amerika Ovozi

Illinoys shtatida immigrantlarga imtiyoz yaratuvchi qonun qabul qilindi

Son’ggi yillarda AQSh siyosatchilari orasida immigrantlar ahvoli yuzasidan qizg’in mubohasalar to’xtamayapti.

Ba’zilar muhojirlarning foydasi bor desa, boshqalar noqonuniy ravishda kelganlarni haydash kerak, chunki ular bor ish joylarini olib qo’ymoqda, deydi.

Illinoys shtati gubernatori Pet Kinn qabul qilgan yangi qonun noqonuniy immigrant talabalarga o’qish uchun xususiy grantlardan foydalanish imkonini beradi.

Ayni vaqtda boshqa shtatlar, xususan, Merilendda siyosatchilar immigratsion qonunlarni keskinroq qilish ustida ishlamoqda.

Nur Illinoiy shtati markazi Chikago shahrida kollejni bitirgan. Asli pokistonlik qizning oilasi bilan AQShga ko’chib kelganiga 10 yil to’lgan bo’lsa-da, Nur hamon noqonuniy muhojir maqomida yashaydi.

“Har bir dollarni ota-onam o’z cho’ntagidan to’ladi. Men ishlolmaganim sababli na talabalarga beriladigan kredit, na boshqa moliyaviy yordam olganman. Ular esa kechayu kunduz ishlab, mening o’qishimga pul topishdi”, - deydi u.

Illinoys gubernatori qabul qilgan yangi qonun talabalarga tegishli bo’lgani uchun Nurga unning foydasi yo’q. Shunga qaramay, Nur qonunni qo’llab-quvvatlashini aytadi. Chunki endilikda noqonuiy muhojirlar oliy o’quv yurtlarida tahsil ko’rish uchun ajratiladian kreditdan foydalanishi mumkin.

“Biz talabalar kreditini ololmaymiz, shuning uchun bizga buning foydasi yo’q. Bizning hayotimiz qonuniy maqomga ega bo’lgunimizga qadar xuddi bir joyda to’xtab qolgandek. Bizga o’xshagan odamlar uchun bu nihoyatda muhim”, - deydi Nur yangi qonun haqida.

Illinois barobarida bir nechta boshqa shtatda ham immigrant talabalarga moliyaviy yordam ajratish haqidagi yangi qonunlar qabul qilindi.

Lekin qonunga qarshi chiqayotgan taraflar ham yo’q emas. Ulardan biri Amerika immigratsiya islohotlari uyushmasi bo’lib, tashkilot matbuot kotibi Kristen Villiamson shunday deydi:

“Bizning qarshiligimiz o’smirlar yoki talabalarni jazolash xohishiga asoslanmaydi, balki ota-onalarni noqonuniy qadam tashlamaslikka chorlaydi. Illinoysdagi yangi qonunga ko’ra, kreditlar xususiy jamg’armalardan ajratilsa-da, ularga soliq solinmaydi”, - deydi u.

Illinoys shtatida immigrantlarga imtiyoz yaratuvchi qonun qabul qilindi

Villiamsonning aytishicha, ba’zi shtatlar noqonuniy muhojirlarga imtiyozlarni belgilovchi qonunlarni bekor qilmoqchi.

Darhaqiqat, aprel oyida Merilend shtatida noqonuniy maqomga ega talabalarga oliy o’quv yurtlarida kamroq haq to’lab ilm olishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingan edi.

Bunga qarshi chiqqan merilendlik respublikachi siyosatchi Patrik Makdono noqonuniy talabalarga kollej va universitetlarda tahsil olishni ruxsat etish asl amerikaliklarning imkonlarini kamaytiradi, deb hisoblaydi.

Og’ir iqtisodiy vaziyatda esa amerikaliklar imtiyozga ega bo’lishi kerak, deya ta’kidlaydi siyosatchi.

U qonunning to’xtatilishiga da’vat etuvchi murojaatnoma tuzib chiqdi. Murojaatni bugungi kunga qadar 75 ming odam imzoladi. Kelasi yilda masala shtat miqyosida xalq referendumiga qo’yiladi.

“Merilendda buning ta’siri nihoyatda jiddiy bo’ladi. Juda ko’p odamlar, xususan, umrida hech qachon ovoz bermaganlar ham masala yuzasidan fikr bildirish uchun saylov uchastkalariga boradi. Bu Kongress va Senat saylovlariga ta’sir qiladi. Men AQSh Senatiga saylanish uchun demokrat Ben Kardin bilan bellashish niyatidaman. Bu masala mana shu saylovga ham ta’sir qiladi”, - deydi u.

AQSh Kongressi immigrantlarga turli sohalarda imtiyozlar yaratadigan va AQSh fuqaroligini olish imkonini beradigan qonunni birinchi bor 2001 yilda qabul qilgan edi. O’tgan yili esa ushbu qonun Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlandi, lekin Senatdan o’tolmadi.