Noqonuniy muhojirlikka qarshi muhojirlar

  • Amerika Ovozi

AQSh aholisining 14 foizi, ya’ni 44 million odam muhojirlardan iborat. Aksariyati AQSh-Meksika chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni xavotir bilan yaqindan kuzatmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-iyul, 2018-yil - Noqonuniy muhojirlikka qarshi muhojirlar

Tramp ma’muriyatining noqonuniy immigrantlarga qarshi keskin siyosati aholining bu tabaqasi tomonidan olqishlanmoqda deb bo’lmaydi. Biroq noqonuniy muhojirlikka qarshi muhojirlar ham topiladi.

Los-Anjelesning Kichik Eron mahallasidagi do’konda mahsulot xarid qilayotgan asli eronlik Todd Xudodadi Amerikaga qochqin bo’lib kelgan, ammo odamlarning mamlakatga vizasiz kirishiga qarshi.

“Biz soliq to’laymiz, noqonuniy muhojirlar esa naqd pulga ishlab, topganini mamlakatiga jo’natadi, Amerikadagi barcha imtiyozlardan foydalanadi. Bu AQSh fuqarolariga nisbatan adolatsizlik“, - deydi Todd Xudodadi.

Yuk mashinasi haydovchisi Xuan Gonsales chegarada ota-onasidan ayrilgan bolalarga achinadi.

“Immigratsiya qiyin bo’lib qoldi, ayniqsa bolalarga og’ir bo’lyapti. Ular katta bosim ostida“, - deydi asli meksikalik muhojir.

Los-Anjeles markazida ko’plab immigrantlar ishlaydi, ba’zilari o’z biznesiga ega. Asli xitoylik Kevin Dzyanning aytishicha, Tramp mamlakatni himoya qilishga harakat qilyapti.

“Oddiy immigrantlar bilan birga giyohvand va jinoyatchilarning Amerikaga kirishini xohlamayapti prezident“, - deydi u.

Xitoydan mol olib kelib sotayotgan uning yurtdoshi ham shunday fikrda.

“U Amerika rahbari bo’lganidan keyin mamlakatni kuchliroq, xavfsizroq qilish uning zimmasida“, - deydi Lian Lian.

Koreyalik bir muhojir qochqinlar taqdiridan xavotirda.

“Ularga erkin yurtimizda qolishga yordam berish kerak“, - deydi Xak Son.

Nepallik muhojir ham ta’qiblardan qochayotgan odamlarni ortga qaytarmaslik zarur, deydi.

“Yordamga o’ta muhtoj odamlar immigrant bo’lib kelishga haqli“, - deydi Ramess Siravar.

Trampning aytishicha, Kongress noqonuniy immigrantlarni saqlashga doir vaziyat bo’yicha bir qarorga kelishi kerak, ammo vyetnamlik muhojir Tan Vu bunday bo‘lishiga ishonmaydi.

“Demokratlar Kongressda o’ta zaif hozir, respublikachilar esa Tramp aytganini qiladi, unga qarshi gapirishdan qo’rqishadi“, - deydi u.

Noqonuniy muhojirlikka kelganda Amerikada yashovchi muhojirlarning fikri bo‘lingan, biroq ularning aytishicha, yordamga muhtoj qochqinlarga yordam berish zarur.