Koronavirusdan emlanayotgan odamlar soni oshib borarkan, ayrim mutaxassislar emlanganlik haqida umumiy guvohnoma berishni targ’ib qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQShda koronavirusdan emlanmoqchi bo’lgan odam sog’liqqa doir bir necha savoldan iborat qisqa anketani to’ldirib, vaksinani oladi va unga emlanganini tasdiqlovchi karta beriladi.
Merilend shtatida yashovchi bir o’qituvchi yaqinda shunday amaliyotdan o’tdi.
“Shifokor menga kartani yo’qotmaslikni tayinladi. Ikkinchi dozani olishga kelganda uni ko’rsatishim kerak bo’ladi”, - deydi Maral Sivaslian.
Emlanish kartasi ikkinchi doza olishni eslatibgina qolmay, aholining emlangan qismini hisobga olishda ham muhimdir.
“AQShda COVID-19 dan emlangan har bir odam o’z shtatida elektron tarzda reyestrga kiritiladi”, - deydi emlash siyosati bilan shug’ullanuvchi bir mutaxassis.
Biroq Litjen Tan bunday guvohnomani soxtalashtirish oson derkan, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining shu kabi kartasini dunyo bo’ylab joriy etishga chaqiradi.
“Emlanganlik haqidagi ma’lumotni tasdiqlash tizimi bo’lishi zarur. Raqamli ravishda xavfsiz bo’lgan hujjat kerak. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining aqlli guvohnomasiga o’xshagan”, - deydi Tan.
Tashkilotning “sariq kartasi” emlanganlikni rasman tasdiqlovchi hujjat bo’lib, ayrim mamlakatlarga kirishga imkon beradi. COVID-19 dan emlanganlar uchun ham shunday karta yaratishga da’vatlar yangramoqda. Xalqaro havo transporti uyushmasi tegishli ilova taklif etmoqda.
“Ilova sayyohlarning telefonida bo’lib, ularning shaxsini raqamli tarzda tasdiqlab beradi. Uni ilovalar bozori yoki aviakompaniya ilovasi orqali yuklab olsa bo’ladi”, - deydi uyushma vitse-prezidenti Nik Karin.
Xalqaro iqtisodiy forum raqamli pasport vazifasini o’tovchi “common pass” deb nomlanuvchi ilova ustida ishlamoqda. IBM kompyuter kompaniyasi ham shu yo’nalishda izlanmoqda.
“AQShda har bir odam emlanish tarixini shtatga taqdim etishi shart va bu ma’lumot shtat reyestrida saqlanadi. Biz esa ana shunday reyestrlarga ulanadigan platforma yaratib, odamlarga o’z ma’lumotini ko’rish imkonini bermoqchimiz”, - deydi IBM vakili Erik Pischini.
Ilova orqali ma’lumot uzatishga qarshi faollar hammada ham smartfon bor emasligini aytadi.
“Emlash haqidagi ma’lumotni qimmat smartfonga bog’lash fuqarolik erkinliklari yoki fuqarolik huquqlari maqsadlariga xizmat qilmaydi”, - deydi Kaliforniya huquqshunoslik universitetidan Mishel Gudvin.
Ilova yaratuvchilari mahsulot 2021-yil oxirigacha to’liq ishga tushishini aytadi. Uning ishi esa emlash dasturiga va chegaralarning ochilishiga bog’liq.