Hindistonda koronavirusdan o’layotganlar sonining keskin oshishi natijasida mamlakat bo’ylab krematoriylar surunkali ish tartibiga o’tgan. O’tgan bir kunda Hindistonda 332 mingdan ziyod odam virusga chalingan bo’lsa, 2200 dan ortig’i jon bergan.
Your browser doesn’t support HTML5
"Koronavirusning birinchi to’lqinida kuniga o’rtacha 8-10 odamning jasadini yoqardik. Keyin 18 taga chiqdi. Hozir esa ahvol juda chatoq. O’tgan tunda 78 ta jasad yoqildi”, - deydi notijoriy tibbiy xizmatlar markazi rahbari Jitender Singx.
Hindiston koronavirus bilan kasallanganlar soni bo’yicha dunyoda AQShdan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Jami 16 milliondan ortiq odam COVID-19 ga duchor bo’lgan bo’lsa, salkam 187 ming bemor o’lgan.
Natijada mamlakat bo’ylab vaqtincha krematoriylar ochila boshladi, ommaviy dafn marosimlarini o’tkazish uchun ko’ngillilar jalb etilmoqda.
"Oilalar koronavirusdan o’lgan odamning jasadini qabul qilishdan bosh tortganidan so’ng politsiyada ayrim qog’ozlarni to’ldirib, jasadlarni bizga topshirishadi. Biz esa mayitning qaysi dinga mansub ekanini aniqlaymiz oldin va dafn marosimini hindu yoki islom aqidalariga muvofiq o’tkazamiz”, - deydi ko’ngillilar tashkiloti a’zosi Javed Xon.
Mutaxassislar o’lim hollari yanada ko’payishini bashorat qilmoqda. Mamlakatda usiz ham zaif sog’liqni saqlash tizimiga zarba berildi. Kasalxonalarda tibbiy kislorodning tugab borayotgani vaziyatni yanada og’irlashtirmoqda. Hindistonda koronavirusning yangi shtammi tarqalishi natijasida mahalliy ekspertlar kelasi hafta kunlik virusga chalinish sur’ati yarim millontaga yetishi haqida ogohlantirmoqda.