Hindistonda o’nlab bola ovqatdan zaharlanib o’ldi

  • Amerika Ovozi
Hindiston sharqida mahalliy maktab oshxonasida tushlik tanovul qilgan o’nlab bolalar nobud bo’lgan.

Kamida 22 o’quvchi o’lgan, yana 27 nafari kasalxonada tushgan.

Bixar shtati rasmiylarining aytishicha, boshlang’ich maktabda o’quvchilarga bepul guruch va yasmiq doni ulashilgan.

Dastlabki tergovdan ayon bo’lishicha, ovqatda fosfor alomatlari bo’lgan. 4 va 12 yoshlar oralig'idagi bolalarning ayrimlari og'ir ahvolda. Oshpaz ham kasallanib shifoxonaga tushgan.

Voqea ketidan g’azablangan mahalliy aholi namoyishga chiqqan.

Hindistonning bir necha shtatida maktab ma'muriyatlari bepul ovqat tarqatib keladi. Mamlakatda bolalar orasida ochlik, kambag'allik dolzarb muammolardan.

BMTning bolalar jamg’armasi, UNICEFga ko’ra, jahonda to’yib ovqatlanmaydigan har uch boladan biri Hindistonda yashaydi.

Ochlik oqibatida organizm yaxshi rivojlanmay, aqliy, hissiy, jismoniy qobiliyatlarga ta’sir qilishi mumkin.