Hindistonda millatchi hukumat, asosan, musulmonlar yashovchi Kashmirning maxsus muxtor maqomini bekor qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Hindiston Konstitutsiyasiga ko’ra, Jammu va Kashmir shtati 1950-yillardan beri to’liq muxtoriyatga ega bo’lgan; shtat qonunchilik kengashi aloqa, mudofaa, moliya va tashqi siyosatdan boshqa masalalarda o’z qonunlarini yaratishga haqli edi. Hind fuqarolarining Kashmirda yer sotib olishiga ruxsat yo’q edi.
Hindiston Ichki ishlar vaziri Amit Shohning aytishicha, Konstitutsiyaning shtatga muxtoriyat beruvchi 370-moddasining amali to’xtatiladi.
Bundan keyin markaziy hukumat notinch hudud ustidan to’liq nazoratni qo’lga oladi. Shtatda tartibsizliklarning oldini olish uchun qo’shimcha 10 ming qo’shin safarbar etilgan, jamoat transporti cheklangan, internet aloqasi uzilib, ta’lim muassasalari yopilgan.
Viloyat poytaxti Shrinagarning markaziy rayonida cheksiz muddatga xavfsizlik cheklovlari joriy etilgan.
“Kechadan beri odamlar xavotirda. Avvaliga internet ishdan chiqdi, so’ng uyali aloqa uzildi. Qo’ng’iroq qilolmayapmiz. Oilamiz a’zolari bilan aloqa yo’q”, - deydi Kashmirga borgan bir odam.
Jumadan beri minglab ziyoratchilar va sayyohlar Kashmirni tark etmoqda. Hukumat qo’shni Pokistondan yordam olayotgan jangarilar yillik hindu diniy marosimiga hujum qilishi haqida ogohlantirgan.
Bosh vazir Narendra Modining millatchi “Bxaratiya Janata” partiyasi Kashmirni mamlakatning boshqa qismi bilan integratsiyalashtirish uchun muxtoriyatni bekor qilish kerak deb anchadan beri aytib keladi. Partiyaning parlamentdagi a’zolari bu qarorni tarixiy deb olqishladi.
Biroq kuzatuvchilar bunday chora mintaqada zo’ravonliklarga sabab bo’lishi haqida ogohlantirmoqda. Kashmirning katta qismi 1947-yildan beri Pokiston va Hindiston tomonidan bo’lib olingan, ikki mamlakat shundan beri mintaqa uchun ikki bor urush qilgan.
Kashmirlik jangarilar hududni Hindiston boshqaruvidan ozod qilish uchun yillar davomida kurashib keladi va Pokistonga qo’shilishni istaydi. Dehli Islomobodni jangarilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi.