Hind kino sanoati joylashgan Mumbay Kashmirdan juda uzoq. Pokiston bilan chegaradosh hudud notinch ekani yetmagandek, ko'ngilochar telekanallar ham taqiqlangan. Islomobodning qarori bu. Sabab nimada?
Bollivudning yangi bir kartinasida pokistonlik yulduz o'ynaydi. Hind millatchilari bunga qarshi namoyish ko'targan. Bundan g'azabga kelgan Pokiston hukumati qo'shni davlatdan kirib keladigan filmlar va shoularni man etdi.
Taniqli kino ustasi Karan Joharning yangi romantik asari shu hafta katta ekranga chiqadi. “Ae Dil Hai Mushkil” (Qalb ishlari murakkab) deb nomlanadi. Unda pokistonlik aktyor Favod Xonni ko'rasiz.
Hind radikal partiyasi hisoblanuvchi Maharashtra Navnirman Sena (MNS) Bollivudga shart qo'ydi: kelajakda Pokistondan boshqa hech kim yollanmasa, bu kartina ekranga chiqishi mumkin, aks holda mamlakat bo'ylab to'polon boshlanadi.
Hindiston kinochilari uyushmasi rahbari Mukesh Bxatt shartni qabul qilgan. Uning aytishicha, pokistonliklar yaqinda 20 hind askarini o'ldirganlikda gumon qilinar ekan, bu mamlakat yulduzlarini kinolarga taklif qilish hozircha chidab bo'lmaydigan holat. Maqsad barqarorlikni saqlash, deya tushuntiradi u.
Hindiston hukumati bu voqealardan qattiq harayonlangan va bezovtalangan ommani tinchlanishga undamoqda.
Karan Johar deydiki, 300 odamning mehnati singan filmni qo'shni davlat yulduzi chiqqani sabab qoralash vijdonsizlikdir. Kartina ikki mamlakat orasidagi aloqalar keskinlashishidan oldin ishlangan.
Erkinlikni targ'ib qiluvchi kinochilar va madaniyat arboblari Karan Joharga hamdardlik bildirib, Hindistondagi millatchilarni va o'ta konservativ kuchlarni yo'q joydan muammo topib, san'at va iste'dodni cheklayotganlikda ayblamoqda.
Bollivudning musulmon yulduzlari ham g'azabda.
"Artistlar terrorchi emas. Farqini bilish kerak",- deydi Salmon Xon.
Jamoatchilik san'at siyosiy o'yinchoqqa aylanganidan norozi.
"Madaniyatimiz, artistlarimiz bilan faxrlanamiz axir. Ularni siyosiy bo'yoq bilan bo'yamaslik kerak",- deydi turmush o'rtog'i bilan kinoga ketayotgan Dipali Kamotra.
"San'at chegara tanlamaydi. Iqtidorning ham chegarasi yo'q",- deya qo'shadi Ashish Kamotra.
Hindiston hukumatiga ko'ra, qo'shni xalq bilan aloqaga to'siq qo'yilmaydi va Bollivudning faoliyati ham erkin.
Iste'fodagi diplomat Lalit Mansinkx fikricha, bu voqealar o'tkinchi.
“Hindiston hukumati aytayapti-ku, muammo terroristlarda; Pokiston xalqi yoki hukumatida emas. Askarlarimizni terrorchilar o'ldirgan. Terrorizmga qarshi birga kurashishimiz kerak".
Pokiston hukumati nima uchun hind film va shoularini man etgani yuzasidan aniq bayonot bermagan. Lekin rasmiylar Hindistondagi munosabatdan norozi ekanini yashirmaydi.