Hind va pokistonlik Texasda til topishdi

  • Amerika Ovozi

Siyosiy jihatdan kelisha olmaydigan ikki davlat vakili Amerikada birga biznes qilmoqda

Hindiston va Pokiston – g’anim davlatlar. Lekin Texas shtatiga borsangiz, bu mamlakatlardan kelgan muhojirlar ahil yashayotganini ko’rasiz. Birga biznez qilishadi. Xyustonda, masalan, pokistonliklar va hindlar hamkorlikda ochgan restoran bor.

Imron Xon va Hasnayn Vazir mahalliy jamoatchilikni obdon o’rgandi. Ular nima yeyishni yaxshi ko’radi? Qanday taomlar yoqadi? Tekshirishdi.

“Imron oldimga kelib, birga restoran ochaylik, deb qoldi. Joy qidirdik. Oson bo’lmadi. Mahallalarni rosa kezdik. Munosib burchak topish oson emas ekan. Keyin shu yerni tanladik”, - deydi Vazir.

1931-yilda benzin sotiladigan markaz bo’lgan. Tarixiy nuqta desak bo’ladi.

Xyustonning eng gavjum burchaklaridan biri. Turli oshxonalar, kafelar va ko’ngilochar dargohlar ertayu kech ochiq.

Bayramlar paytida amerikaliklar bu yangi restoranni to’ldirib, nafaqat hindcha balki Texasga xos taomlar buyurishi mumkin. Xo’randalarning boshi osmonda.

“Biram mazali. Hindcha-texascha taomlar yeyishingiz mumkin. Qayerda bor bunday ovqat? Xyustonda oldin bunaqa joy bo’lmagan. Eshitmagan ham”, - deydi mijozlardan biri.

Menyuni restoran egalari ishlab chiqqan. Ularning didiga mos.

“Amerikalikmiz. Texaslikmiz. Shuningdek, hindiston va pokistonlikmiz. Sizga taklif qilayotgan ovqatimiz mana shu madaniy boylikning qorishmasi”.

Restoranga keladiganlar orasida kelib chiqishi Janubiy Osiyoga borib taqaladigan odamlarni uchratasiz. Muhojirlarning avlodlari.

“Vatan biz uchun boshqacha ahamiyatga ega. Vatanda muammo ko’p lekin bu yer boshqacha”,- deydi Vazir.

Restoranda o’tirib, butun shaharni tomosha qilish mumkin. Ataylab shunday uslubda qurilgan, xuddi Janubiy Osiyoda bo’lganidek. Tomlar – balkonlar.

“Qachon kelmoqchisiz? Eshigimiz hamisha ochiq. Kelavering”,- deydi Imron Xon.

“Mustaqillik kuni, Yangi yil… Har qanday bayramda ishlaymiz, chunki xo’randani rozi qilish – burchimiz”, - deydi Hasnayn Vazir.

Restoran biznesi eng qiyin yo’nalishlardan. Daromad ola boshlash uchun kutish kerak.

“Hamma gap taomda, u yaxshi bo’lsin”, - deydi tadbirkor.