Indoneziya ekstremist mafkuralarga qarshi kurashga zo'r bermoqda

  • Amerika Ovozi

Poytaxt Jakartada politsiya

14-yanvar kuni Indoneziya poytaxti Jakartada ro’y bergan xurujlardan so’ng hukumat islomiy jangarilar mafkurasiga qarshi kurashni kuchaytirishga, jangarilarni bu yo’ldan qaytarishga kirishdi.

Indoneziya politsiyasiga ko’ra, to’rt kishining o’limiga sabab bo’lgan xurujlarni Suriyada “Islomiy davlat” jangari guruhi safida jang qilayotgan Bahrun Naim ismli indoneziyalik uyushtirgan.

“Islomiy davlat”ga qo’shilishdan oldin Bahrun Naim Hizbut Tahrir a’zosi sifatida Indoneziyadagi dunyoviy tuzumga qarshi chiqib, xalifalik tarafdori bo’lgan. “Islomiy davlat”dan farqli o’laroq, Hizbut Tahrir bu maqsadga zo’ravonliksiz erishishni istaydi.

Guruh faoliyati bir necha mamlakatda man etilgan, biroq uning vakili Muhammad Ismoil Yusantoning aytishicha, mamlakatdagi demokratik tizim davlatga qarshi fikr bildirish imkonini beradi.

“Hizbut Tahrir qonun doirasidan chiqmas ekan, qonunlarni buzmas ekan, o’z mafkurasini targ’ib etishda davom etaveradi”, - deydi u.

Yusantoning bildirishicha, Bahrun Naim qurol yashirgani ma’lum bo’lganidan so’ng Hizbut Tahrirdan haydalgan.

“U qurolni tashlab yuborganman deb aldadi bizni”, - deydi Yusanto.

Hizbut Tahrir tanqidchilari guruh mafkurasi va siyosati terrorizmga yetaklashini aytadi. Tarafdorlari esa Hizbut Tahrirni musulmon jangarilarga muqobil, tinchliksevar kuch deb biladi.

Hukumatning Hizbut Tahrirga nisbatan noaniq siyosati uning terrorchi mafkuralarga qarshi kurashini qiyinlashtirmoqda.

Prezident Joko Vidodo zo’ravon ekstremist g’oyalarni qabul qilgan musulmonlar bilan qattiqroq ishlashga, ularni bu g’oyalardan qaytarishga chaqirdi. Biroq Jakartadagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Evan Laksmananing aytishicha, agar boshqa g’oyalarni inkor etuvchi, bag’ritor mafkura terrorga yetaklovchi omil bo’lsa, hukumat demokratiyaga qarshi bo'lgan barcha guruhlarni nishonga olishi balki to’g’ri ish bo’lar.

“U holda Hizbut Tahrir kabi guruhlar bilan ham tarbiyaviy ish olib borish kerakdir”, - deydi ekspert.

Uning aytishicha, hukumat mamlakatdagi har bir masjidda aytilayotgan gapni nazorat qila olmaydi, indoneziyalik musulmonlarning ba’zilari jangari guruhlarga nega qo’shilayotganini tushuntirib berishga ojiz.

Islomiy jangarilar bilan tarbiyaviy ishlar, asosan, qamoqxonalarda olib boriladi, bag’rikenglik g’oyalari targ’ib etiladi.

Biroq tahlilchi Laksmana nazarida, bunday dasturlardan foyda kam.

“Mahbuslar qamoqxonadan tezroq chiqish uchun, jazo muddatining qisqartirilishi uchun bunday dasturlarda qatnashib, eski mafkuradan voz kechganini da’vo qiladi”, - deydi Laksmana.

Shu bilan birga, ilgari radikal g’oyalardan uzoq turgan mahbuslar aynan qamoqxonalarda dunyoqarashi o’zgarib, terrorchi tashkilotlarga yollanishi mumkin.

Bahrun Naim 2014-yilda Suriyada “Islomiy davlat”ga qo’shilishdan oldin qurol va portlovchi moddalarga noqonuniy egalik qilish ayblovlari bilan salkam ikki yarim yil qamoqda o’tirib chiqqan edi.

Politsiyaning da’vo qilishicha, Naim ayni damda panjara ortida saqlanayotgan nufuzli jangari imom Omon Abdurahmonni qo’llab-quvvatlab keladi. Bir necha kun oldin Jakartadagi xurujga qo’l urgan to’rt jangaridan biri imom Abdurahmon bilan bir kamerada o’tirgani ma’lum bo’ldi.

Mutaxassislar fikricha, radikal g’oyalarga berilgan fuqarolar bilan ishlashdan oldin radikallashish sabablarini chuqurroq o’rganish, mahbuslar miyasini zaharlashga usta jangarilarni qamoqda alohida saqlash, indoneziyaliklarning “Islomiy davlat” guruhiga qo’shilishining oldini olish hamda mamlakatdagi terror tarmoqlarini aniqlab, ularga zarba berish zarur.