Indoneziya poytaxti Jakartada kechagi portlash va otishmalar ortidan hukumat xavfsizlik xizmatini oyoqqa turg'izdi.
Musulmon aholisi soni eng ko'p bu mamlakatda "Islomiy davlat" sodir etgan xurujlar ikki fuqaroni hayotdan olib ketdi, o'nlab odamlar, asosan, xorijliklar yarador.
Hujumchilardan besh nafari yo'q qilindi. Xurujdan maqsad aynan chet el fuqarolariga va huquq-tartibot xodimlariga ziyon qilish bo'lgan, deydi rasmiylar. Ular Parijda yaqinda ro'y bergan qonli voqealarga taqlid qilmoqchi bo'lgani aytiladi.
Bugun, juma kuni Jakarta markazida, elchixona, hukumat idoralari, kasalxona va savdo markazlari joylashgan yerda qurol ko'targan politsiyachilarni ko'rish mumkin.
Ayrim davlatlar, xususan, Amerika elchixonasi bugun yopiq. Politsiya poytaxtdan 40 kilometr naridagi Depok shahrida uch kishini, bomba va portlovchi moslamalar yasash bilan shug'ullangan fuqarolar va terrorizmga da'vatlar qilgan shaxsni hibsga olgan.
Bu odamlarning yonidan "Islomiy davlat"ning bayrog'i topilgan, lekin Jakartadagi hujumga aloqasi bor-yo'qligi aytilmayapti.
Qo'shma Shtatlar Jakartadagi xurujlarni qoralab, bu ittifoqchi mamlakat hukumati va xalqiga hamdardlik bildirmoqda.