Suriyadagi qonli urush uchinchi yilga o’tar ekan, unda nafaqat arab dunyosidan, balki Qozog’iston, Avstraliya va Indoneziya kabi dunyoning turli burchaklaridan kelgan jihodchilar ham ishtirok etmoqda. Bu esa ixtilofda muxolifatga yordam qo’lini cho’zgan G’arb hukumatlarini tashvishga solmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu yerda kurash olib borayotgan yuzlab jihodiy guruhlarning ayrimlari Al-Qoidaga bay’at bergan bo’lsa, ba’zilari Suriyada islom xalifaligi qurishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.
Radikallashishni o’rganuvchi xalqaro markaz ma’lumotiga ko’ra, muxolifat kuchlariga qo’shilish uchun 74 davlatdan 11000 odam Suriyaga kelgan.
O’tgan yilning aprelidan beri bu raqam ikki barobar ko’paydi. Jihodchilar orasida arab bo’lmaganlar va g’arblik jangarilar soni ham oshgan.
Xorijliklarning aksariyati Yaqin Sharq mamlakatlaridan yoki Yevropadan kelgan. Ammo ular orasida indoneziyaliklar ham bor. Tahlilchi Nur Huda Ismoil indoneziyaliklarning Suriya urushiga qo’shilishi sabablarini o’rganmoqda.
“Avvalo, buning mafkuraviy yoki diniy asoslari bor. Ular Shomni eng muqaddas o’lka deb bilishadi. U yerda hozir ezgulik va yovuzlik, sunniylar va shialar o’rtasida jihod ketayotganini aytishadi. Indoneziyalik jihodchilarning aksariyati sunniy. Ular sunniy birodarlarini himoya qilishga otlanish fursati keldi, deb hisoblaydi”, - deydi tadqiqotchi Ismoil.
Suriya prezidenti Bashar al-Assad hamda hokimiyatdagi rasmiylarning aksariyati shia mazhabining alaviylar guruhiga mansub.
Ismoilning aytishicha, Yaqin Sharqda tahsil olayotgan indoneziyalik talabalar ham Suriyaga safar qilgan. Yaqinda ana shunday talabalarning ikki nafari otishmada halok bo’ldi. Jihodiy saytlarda ular shahidlar deya e’tirof etildi.
Indoneziyaning Terrorizmga qarshi milliy agentligi terror harakatlariga aloqadorlik gumoni bilan Suriyadagi 50 nafar fuqarosini kuzatuv ostiga olgan.
Global jihodga qo’shilish niyati bilan Suriyaga otlanayotgan indoneziyaliklar o’z vatanlariga ham jihod g’oyasi bilan qaytadi, deydi Ismoil.
“Afg’onistonda kurash olib borgan indoneziyalik jihodchilar tajribasini olib ko’rishimiz mumkin. Ular Afg’onistondan qaytgach, Indoneziyada o’ziga xos qarashlari bilan ajralib turardi”, - deydi tahlilchi.
Xalqaro mojarolarda faol qatnashayotgan indoneziyalik jangarilar shialarga qarshi kayfiyatning kuchayishiga ham hissa qo’shmoqda, deydi Ixtiloflarni o’rganuvchi institut tahlilchisi Sidney Jons.
“Indoneziyada shialarga qarshi salbiy munosabat shakllanmoqda. Bu qisman Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalanadigan tashkilotlar tashviqoti natijasi bo’lsa, boshqa tomondan, unda Suriya mojarosining hissasi ham katta. Shialarning yomonligini ta’kidlar ekan, ular Assadni misol keltiradi va sunniy musulmonlarni o’ldirayotgani uchun shialarni dushman deb hisoblashadi”, - deydi Jons.
Musulmon aholisi soni bo’yicha Indoneziya dunyodagi eng katta mamlakat. Bu yerda yashovchi musulmonlarning aksariyati mo’tadil qarashdagi sunniylar.
Ammo o’tgan ikki yarim yil ichida shialariga qarshi hujumlar ancha ko’paygan. Ayrim hollarda ular hukumat tazyiqiga ham uchrayotgani aytiladi.