Amerikani “qaynar qozon” deydilar. Unda nafaqat turli millat va elat vakillari, balki turli din vakillari ham tinchlik va totuvlikda yashashga intiladi. Filadelfiya shahrida yashovchi indoneziyalik-amerikalik nasroniylar va musulmonlar bu borada boshqalarga o’rnak ko’rsatishga harakat qilyapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Indoneziyada 270 million aholining salkam 11 foizini nasroniylar tashkil etsa, AQShda musulmonlar undan-da kamroq – aholining atigi 1 foizi. Bu mamlakatda diniy ko’pchilikka mansub indoneziyalik nasroniylar ozchilikdagi musulmon vatandoshlariga yordam qo’lini cho’zdi.
“Ozchilik vakili bo’lish oson emas. Indoneziyada boshimdan o’tgan bu”, - deydi Filadelfiyadagi nasroniy markazidan ruhoniy Aldo Siaxaan.
2007-yilda ochilgan markaz o’sha paytda hali o’z masjidiga ega bo’lmagan indoneziyalik musulmonlarga ibodat uchun joy ajratdi.
"Ramazon oyi edi. Taroveh namozlarini o’qishga joyimiz yo’q edi”, - deydi Indah Nuritasari ismli bir musulmon ayol.
“Barcha musulmon do’stlarimizni bu yerga da’vat etdik. Ular oyoq kiyimlarini yechib, zinaga qo’yishdi. Quyi qavatda birga iftorlik qilardik”, - deydi ruhoniy.
Filadelfiyada 7 mingga yaqin indoneziyalik yashaydi, aksariyati nasroniy. Ular Indoneziyada 1998-yilgi etnik to’qnashuvlar ketidan AQShga kelgan.
"Amerikada magistraturada o’qiganimda o’zimdan boshqa birorta indoneziyalikni ko’rmagan edim. 2007-yil oxirida Filadelfiyaga ko’chib kelganimda esa minglab vatandoshlarni uchratdim”, - deydi nasroniy Lindi Bakus.
Ramazon oyida musulmonlarga cherkovda ibodat qilishga imkon berilgani bilan yirik xoch va Bibi Maryamning haykali ko’plarni noqulay ahvolga solib qo’ydi.
"Taroveh namozlarida xochning ustini yopib qo’yardik”, - deydi Aditya Setyavan.
Bu hol ayrim nasroniylarga yoqmadi.
“Indoneziyalik nasroniylar va amerikalik nasroniylar mening bu qarorimni olqishlamadi”, - deydi ruhoniy Siaxaan.
2008-yilda indoneziyalik-amerikalik musulmonlar o’z masjidiga asos soldi. Bundan bir yil oldingi yaxshilik evaziga ular har yili Ramazonda nasroniy vatandoshlarini “Al-Falah” masjididagi iftorga da’vat etadi.
“Biz ularga “hayit muborak” deymiz, ular esa bizni Rojdestvo bilan tabriklashadi. Indoneziyada buni olqishlashmasligini yaxshi bilaman, ammo bu yerda biz bir-birimizni hurmat qilamiz”, - deydi Bakus.
AQShning xalqaro diniy erkinliklarga bag’ishlangan yillik hisobotida Indoneziyada diniy ozchilikdagi guruhlarga nisbatan muomala ko’p tanqidga olinadi. Biroq Filadelfiyada nasroniylar va musulmonlar uyg’unlikda yashamoqda.