Raqib davlatlar AQShdagi namoyishlardan “nizo va adovat urug’ini sochish” uchun foydalanmoqda. Xavfsizlik bo’yicha mutasaddilar bu haqda bayon qilar ekan, qo’shimcha ma’lumot berilmayapti.
Jorj Floyd ismli qora tanli shaxsning politsiya qo’lida halok bo’lganidan keyin boshlangan namoyishlar haligacha davom etmoqda. Oq tanli politsiyachi uning bo’yniga tizzasini qo’yib, qariyb 9 daqiqa bosib turgan. Amerika shaharlarida politsiya va irqchilikka qarshi namoyishlar Rossiya, Xitoy va Eronda obdan yoritilmoqda.
AQSh Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosiga ko’ra, nomi aytilmayotgan davlatlar axborotni manipulyatsiya qilish orqali AQShdagi vaziyatni yanada taranglashtirishga urinmoqda.
“Xorijiy hukumatlarga aloqador xakerlar va guruhlar ziddiyatni kuchaytirishga harakat qilayotgani to’g’risida bizda dalillar bor”, - deydi Adliya vaziri Vilyam Barr.
Federal qidiruv byurosi rahbari Kristofer Rey:
“Xorijiy guruhlar bilsinki, biz ularni sinchkovlik bilan kuzatyapmiz va kerak bo’lsa chora ko’ramiz”.
AQSh razvedka idoralari raqib davlatlar namoyishlarga turtki bergan g’azab va ishonchsizlik muhitidan foydalanishga harakat qilishi borasida o’tgan hafta ogohlantirish bilan chiqqan edi.
Biroq “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan mustaqil tahlilchilar va ekspertlar tashqaridan aralashuv bo’layotgani haqidagi da’volarni savolga ostiga olmoqda.
“AQShdagi faollik va namoyishlarga ta’sir qilishga yo’naltirilgan yashirin onlayn informatsion kampaniya olib borilayotganini ko’rmayapmiz. Rossiya, Xitoy, Eron, Venesuelada bu namoyishlar haqidagi xabarlar bu mamlakatlarning ichki auditoriyasiga qaratilgan”, - deydi Grem Bruki, Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazi qoshidagi raqamli ekspertiza laboratoriyasi direktori.
“Ammo odatda chet eldagi guruhlar bunday kutilmagan voqealarga moslashishi vaqt talab etadi”, - deya qo’shadi u.
Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosi bu borada izoh bermadi.
Trend
Hozircha, deydi Grem Bruki singari tadqiqotchilar, AQShga raqib davlatlar Jorj Floydning o’limi va namoyishlar davlat axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishini, mavzu bosh sahifalardan o’rin olishini ta’minlash bilan cheklanayotgan ko’rinadi.
Vashingtondagi Demokratiya xavfsizligi uchun alyans nomli tashkilot tahliliga ko’ra, “GeorgeFloyd” (#GeorgeFloyd) xeshtegi o’tgan hafta Rossiyaning barcha diplomatik va hukumatga aloqador itjimoiy media kanallarida trendga chiqqan.
Ushbu xeshteg, shuningdek, Xitoy diplomatik va hukumat kanallarida uchinchi o’rinda turgani kuzatildi.
“Ular fursatdan foydalanib, AQShda nizo keltirib chiqarishga harakat qilishayotganini, Rossiyaning “RT” propaganda kanali tvitlarini tarqatishayotganini bilamiz. Xitoy, Rossiya va Eron “Twitter” va “Facebook”da bir-birining yolg’on ma’lumotlarini takrorlaydi”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Morgan Ortegus.
Global siyosat
Ba’zi sharhlovchilar fikricha esa yuqoridagi harakatlarning barchasi ham AQShda janjal qo’zg’ashga qaratilgan, deyish to’g’ri emas. Namoyishlarga oid xabarlar va propaganda ko’proq global siyosat bilan bog’liq.
“Bu AQShning raqiblariga, Xitoy, Rossiya, Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlarga Amerikadagi tizimning, liberal demokratik sistemaning kamchiliklari haqida gapirish imkonini berdi”, - deydi “CNA” tadqiqot markazi rahbari Ken Gaus.
Boshqa tahlilchilar ham hozirgacha ko’rganlari dezinformatsiya kategoriyasiga kirmasligini aytadi.
“Ba’zi xabarlar provokatsion va ziddiyatli, lekin adashtirish yoki manipulyatsiya uchun yozilmagan”, - deydi Demokratiya xavfsizligi uchun alyans vakili Bret Sheyfer.
“Twitter” tarmog’ida shu hafta AQShdagi namoyishchilar go’yo Xitoydan yordam so’rayotganini tasvirlovchi suratlar qo’yildi. Alyansga ko’ra, bu muvofiqlashtirilgan bir kampaniyaga o’xshamaydi.
“Ushbu soxta rasmlar xorijiy hukumatlar tomonidan uyushtirilgani yoki tarqatilganining isbotini hali ko’rmadik”, - deydi Sheyfer.
Ekspertlar va rasmiylarning qayd etishicha, hozirda ijtimoiy media kanallaridagi aksar yolg’on ma’lumotlarni AQShning o’zida asoslangan guruhlar va shaxslar tarqatmoqda.
Adovat qo’zg’ashga urinish
Biroq xavotirlar o’rinsiz emas. Rossiya va Eron azaldan AQShdagi irqiy ziddiyatlarni ekspluatatsiya qilishga intiladi.
AQSh Senatining Razvedka qo’mitasi 2019-yilda chiqargan hisobotga ko’ra, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida asoslangan Internet Tadqiqot Agentligi (ITA) AQShda 2016-yilgi prezidentlik saylovlari oldidan aynan afro-amerikaliklarni nishonga olgan.
Agentlik yollagan trollar ijtimoiy mediada ataylab janjal qo’zg’atuvchi, provokatsion izohlar qoldiradi.
“Amerikadagi hech bir boshqa guruh bu darajada ITA nishonida bo’lgan emas. Informatsion urush irq va irq bilan bog’liq masalalar atrofida olib borilgan va jamiyatni bo’lishga qaratilgan”, deyiladi qo’mita hisobotida.
2018-yilda esa “Facebook” irqiy adovat qo’zg’ashga uringani aytilgan Eronga aloqador bir qator sahifalar va guruhlarni yopgan edi.