AQShning Jorj Vashington Universiteti (George Washington University) professori Said Husayn Nasr (Seyyed Hossein Nasr) 33 yil oldin vatani Erondan badarg’a qilingan. Hozir 79 yoshda. Islomiy inqilobdan keyin Eronga qadam bosmadi, lekin bu yurt ilm, san’at, din, falsafa, musiqa ahli bilan hamnafas yashadi, rishtalarni saqlab qoldi.
Olim yaqinda Vashingtonda (Jons Xopkins Universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz Institutida – Johns Hopkins University, Central Asia-Caucasus Institute) kechgan muhokamada, jumladan, islomiy respublika va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi intellektual, ma’naviy aloqalardab so’zladi.
1979-yilda Eronda monarxiyani ag’dargan islomiy inqilob bois oilasi bilan Amerikaga bosh olib ketgan. Undan oldin shoh himoyasida ishlab ijod qilgan. “Shu bois bugun vatanimga borolmayman”, - deydi u.
“Markaziy Osiyo va Eronni bog’lab turuvchi, uzoq asrlik forsiy sivilizatsiya bor. Mintaqa javohiri sanalgan Samarqandga bir tomchi suvdek o’xshash shahar Isfahon-ku!”, - deydi professor.
Doktor Nasrning aytishicha, Markaziy Osiyoning har bir davlatida Erondagi bugungi hayot, dunyoqarashga qiziqish juda katta.
“O’tgan yili, masalan, regiondan bir milliondan ziyod odam Mashhadga borgan. Xalqlar o’rtasida aloqani sust deb bo’lmaydi. Albatta, Eron hozir siyosiy jihatdan izolyatsiyada ekani bois muammolar bor, biroq intellektual, ma’naviy-ma’rifiy rishtalar hamon mahkam. Kitoblar, musiqa, ma’ruzalar almashinuvi bor. Yaqinda Eronda bo’lib o’tgan xalqaro noshirlar anjumanida Markaziy Osiyo, jumladan, Afg’onistondan mehmonlar bo’lib, adabiyotlar ayirboshlandi”, - deydi Jorj Vashington Universiteti muallimi.
Said Husayn Nasr so’zlariga ko’ra, Eronda Markaziy Osiyo uchun maxsus jurnallar chop etiladi. Bundan tashqari, mintaqa haqida forschada bosma mahsulot nashrdan chiqadi.
Biroq Markaziy Osiyodan islomiy olimlar, faylasuflar, tahlilchi, shoirlar yetishib chiqishi uchun, ularning ilmiy ishlari xalqaro maydonda, jumladan, Tehron yoki Qohirada tanila boshlashi uchun biroz vaqt kerak, deb hisoblaydi eronlik mutaxassis.
“Bu davlatlar 70 yillik Sovet mustamkalasini boshidan kechirgan va uning mafkurasidan qutulish oson emas. Oddiy yozuv, xat-savodni oling. Kirill, lotin alifbosiga o’tishlar oradagi farqni oshirgan… O’zimning qo’limda sara yigit-qizlar tahsil oldi, bir necha yildan keyin nomi chiqishiga ishonchim komil”, - deydi u.
“Xalqlarni ham jilovlab turibdi. Rishtalar faqat madaniy soha bilan cheklansa bo’lgani ular uchun. Lekin madaniy aloqalarda ham gap ko’p. Masalan, Navro’zni bugun mintaqadagi besh davlat keng nishonlaydi”.
Uningcha, ikki dunyo yaqinlashuvida bu juda katta qadam.