Razvedka tahlilchisi: Rossiya AQShda saylovlarni buzishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Prezident Vladimir Putin

Razvedka ma'lumotlari tahlilchisi Malkom Nens 8-noyabr kuni Amerikada o'tadigan saylovlar, xususan o'sha kuni prezident, qonunchilar hamda mahalliy rahbarlar uchun beriladigan ovozlar, haqiqatni aks ettirmasligi mumkin deya xavotirda.

33 yildan beri kontrterrorizm va razvedka sohasida ishlab kelayotgan Nens Amerika saylov tizimiga qilinayotgan kiber-xurujlar Kreml ishi ekaniga shubha yo'q deydi.

Nafaqat AQSh balki Ukraina va Germaniyaning sistemalariga ham shunday hujumlar qilingan va hammasining ortida bitta kuch turganini isbotlovchi texnologik isbot-dalillar juda ko'p, deydi mutaxassis.

Malkom Nens, razvedka ma'lumotlari tahlilchisi

Yaqinda Amerika hukumati kiber-xurujlarda Rossiyani rasman ayblab chiqdi. Partiyalarning elektron tizimlarini barbod qilishga urinishmoqda, deya bildiradi Ichki xavfsizlik vazirligi.

Rossiya rahbari Vladimir Putin deydiki, bu - uning davlatiga nisbatan tuhmat. "Amerikadagi saylovlarning bizga qizig'i yo'q",- deydi Putin. Uningcha, Vashington aybni o'zidan qidirishi kerak.

Prezidentlikka nomzod respublikachi Donald Tramp fikricha ham Rossiyani ayblash uchun biror asos yo'q. Obama ma'muriyati qayoqqa qarayapti, deya so'raydi u.

Demokrat nomzod Hillari Klintonning saylov kampaniyasi boshlig'i Jon Podesta uning elektron aloqalari Federal Qidiruv Byurosi tomonidan tekshirilgani va bunga sabab aynan Rossiya kiber-xurujlari ekanini aytmoqda. Podestaning da'vo qilishicha, Trampning sobiq yordamchisi Rojer Stoun bu xurujlar haqida yaxshi bilgan va "WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj bilan aloqada. Stoun buni inkor etadi.

Rossiya xakerlar ortida turibdi, deya bildirmoqda AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi

Rossiyalik xakerlar Florida shtati saylov tizimini ishdan chiqargan. Saylovchilarning shaxsiy ma'lumotlari o'g'irlangan bo'lishi mumkin.

Arizona va Illinoys shtatlatida ham o'xshash holat kuzatilmoqda. Ovoz berish mashinalari internetga ulanmagan. Bu, deydi rasmiylar, ularni kiber-tahdiddan saqlaydi.

"Sistemalar saylov oldidan mukammal ishlamasa, natijaga ishonch past bo'ladi. Amerika demokratiyasi xavf ostida",- deydi Nens.

Xakerlar raqamlar bilan o'ynashadi. Qolaversa, fuqarolarni qo'rqitadi.

Saylovda yutqazgan tomon natijani qabul qilmay, uning ishonchsiz ekanini ro'kach qilsa, Amerika ahli orasida norozilik hissi oshib, mamlakat beqarorlashishi mumkin, deydi suhbatdosh. Rossiyaga shu kerak, deydi u, AQShni buzuq sistema sifatida ko'rsatish.

"240 yillik tariximizda ilk bor bizga xorijdan texnologik hujum qilishmoqda. Uning ortida Rossiya maxfiy xizmati turibdi",- deydi Nens.

Mutaxassis bu haqda o'zining yangi kitobida yozgan va shu bois ham matbuot bilan gaplashmoqda.

Brukings tahlil markazidan tashqi siyosat bo'yicha ekspert Tomas Rayt fikricha, Tramp va Putin ko'p jihatdan hamfikr odamlar. Har ikkisi NATOni keraksiz tashkilot deb biladi. Har ikkisi Amerika global rolini pasaytirishi kerak deb hisoblaydi. Lekin, deydi mutaxassis, bu Tramp Rossiya tomonda yoki Putin Trampni quvvatlaydi degani emas.

Xakerlar kim ekani haqidagi ma'lumotlarni AQSh hukumati hozircha oshkor etmagan.