Islom va zamon: Qozog'iston masjidlari va Tojikiston bozorlarida

Jorj Vashington universitetida munozara, 26-yanvar, 2016

Markaziy Osiyoning qay davlatida bo’lmasin, hukumatlar xalqni islom dunyosidan, ular nazarida, salbiy deb hisoblangan mafkuralardan saqlashga urinib keladi. Siyosiy islomdan tortib aqidaparastlik, radikalizm va fundamentalizm singari illatlarga toqat yo’q.

Bosh qomus diniy erkinlikni kafolatlaydi, biroq jamiyat va uning mentalitetiga yot g’oya va ko’rinishlarni targ’ib qilgan odam javobgarlikka tutiladi. Tahlilchilar nazarida mintaqa davlatlari aholini tashqi diniy ta’sirdan saqlashda ko’p jihatdan muvaffaqiyatga erishdi. Biroq globalizatsiya zamonida har narsaning yo'lini to’sa olmaysiz.

Your browser doesn’t support HTML5

Din va zamon: Qozog'iston va Tojikistondagi manzara - Navbahor Imamova

Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo bo’limida Qozog’iston va Tojikistondagi vaziyatni o’rgangan mutaxassislar bilan davra suhbatidamiz. (Suratlar va to'liq audio quyida)

Qohiradagi Amerika universitetida ta’lim olgan, G’arbda malaka oshirib, bugungi kunda vatanida, Qozog’iston poytaxti Ostonadagi Nazarboyev universitetida tadqiqotchi Alima Bissenova masjidlar, xususan shahardagi eng kattasi - Hazrat Sulton majmuasi faoliyati bilan tanishib, o’z xulosalarini taqdim etmoqda.

Respublikada, deydi u, diniy muassasalarning aksariyati jamoat tashkiloti degan maqomga ega ekani uchun o’zlarini alohida organ deb biladi. Hukumat chizgan chiziqdan chiqmaydi, biroq o’zlari ham mustaqil qaror qilish imkoniyatiga ega.

Masjidlarda islomning Hanafiy maktabiga xos odamlar va ilm targ’ib qilinadi, namoz o’qishdan tortib boshqa udumlargacha, deydi u.

Ma’ruzalar ehtiyotkorlik bilan tayyorlanadi va bayon etiladi. Shunday nozik mavzular borki, deydi olima, ular haqida imomlar og’iz ochmaydi. Masalan, ko’p-xotinlik. Qonunlar bunga ruxsat bermaydi biroq amalda bir necha xotinli erkaklar ko’payib bormoqda. Nikoh va oila haqida din nima deyishi borasida juda ko’p eshitasiz, deydi Bissenova, biroq jamiyatdagi ko’plab “islomiy holatlar” to’g’risida ulamolar lom-mim deyishmaydi.

Yevrosiyo milliy universitetidan Ashirbek Mo’minov tahlilicha, Qozog’iston musulmonlari mustaqillik yillarida sharqu g’arbdan juda ko’p diniy oqimlar va guruhlar ta’siri ostida qoldi va ularning har biri o’ziga bu mamlakatda yangi izdoshlar topdi. Masalan, Salafiy maktabiga xos madxaliy, susuriy, takfiriy, jihodiylar.

Arab dunyosining turli burchaklari va Afrikadan, shuningdek, Eron va Turkiyadan, Hindiston va Pokiston, Afg’oniston, Checheniston, qolaversa O’zbekiston va Tojikistondan ham diniy yetakchilar Qozog’istonga kelib faoliyat yuritgan, o’z doiralarini shakllantirgan paytlar bo’ldi va bu jarayonlar davom etmoqda, deydi Mo’minov.

Bugungi islomiy manzara murakkab, deydi olim, viloyatma-viloyat, masjidma-masjid shuni ko’rasizki, mahalliy va tashqi omillardan kelib chiqqan holda har bir hududda o’ziga xos musulmonchilik.

Hukumatga ko’ra, islom milliy madaniyatning bir qismi. Qo’shni mamlakatlarda ham shuni eshitasiz. Islomiy ta’lim mutlaq davlat nazoratida. Biroq insonlarni qiziqishdan, “yod mafkuralardan” uzoqlashtirish juda qiyin.

Qozoqlik va musulmonchilikni uyg’unlashtirish jarayoni boshlanganiga ancha bo’lgan, lekin bu yo’lda ham odamlar ko’p narsani savolga tutadi. Kimning javobi to’g’ri? Ulamolar oldida shunday og’ir vazifalar turibdi.

Tojikiston va Dubay orasidagi biznes-turizm aloqalarini o’rgangan germaniyalik tadqiqotchi Manya Stefan-Emrik bu jarayonni “arablashish” va “dubaylashish” deb ataydi. Birlashgan Arab Amirliklariga imkoniyat izlab borganlar yillar davomida vataniga “dubaycha kosmopolitan” ko’rinishlarni olib keldi va bu ikki dunyo orasidagi madaniy-tijoriy ko’prikka aylandi, deydi olima.

Mustaqillik yillarida ko’plab tojikistonlik yoshlar Saudiya Arabistoni, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Yamanda ta’lim oldi, malaka oshirdi. Ularni arab dunyosida o’ziga eng qattiq mahliyo qilgan joy - Dubay, deydi Manya Stefan-Emrik, o’z izlanishlariga asoslanib. Hatto Turkiya, Pokiston, Afg’oniston va Rossiyadagi islomiy dargohlarda o’qiganlar orasida ham Dubayga intilish kuchli.

Chunki amirlik, ular nazarida, “zamonaviy musulmon hayoti” namunasidir. Shariatga asoslangan global turmush. Vatanga ko’p qatnashadi, deydi olima, chunki biznes rishtalar mavjud.

Tojikistondagi bozorlar Prezident Emomali Rahmon oilasiga tegishli ekanini hisobga olsak, deydi u, amirlikdan kirib kelayotgan mollar oqimi uchun yo’l ochiq. Dushanbedagi yirik savdo markazlaridan tortib, viloyat va tumanlardagi bozorlargacha, Dubaydan kelgan tovarlar “haqiqiy islom” va “haqiqiy musulmon” larga xos mahsulotlar deya sotiladi. O’tgan yillarda aynan “dubaycha ro’mol o’rash” ham moda bo’ldi.

Ekstremizm katta xavf deb kelayotgan hukumat bozorlarda arab ayollari kiyadigan uzun, qora, oltinrang naqshli kiyim-bosh sotilishiga yo’q demaydi.

“Dubaylashish” va “zamonaviy musulmoncha” tendensiyalarni kuzatish, chuqurroq o’rganish, jamoat fikri bilan yaqindan tanishish kerak, deydi Manya Stefan-Emrik.

Xorijda islomiy bilim olganlar xavfsizlik xizmatlari ko’zi ostida. Tijorat qilishni uddalaganlar albatta hukmron doira fotihasini olgan. Qarabsizki, islom va musulmonchilik, amirlik va biznes manfaatlar, shaxsiy munosabatlarga asoslangan siyosiy rishtalar yanada murakkab ko’rinishga kirgan.

Qozog'iston masjidlarida: Ostonadagi Hazrat Sulton majmuasida

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 2015-yilning noyabrida Qozog'istonga borganida Ostonadagi Hazrat Sulton masjidida bo'lgan edi

Mustaqillik yillarida Tojikistondan minglab yoshlar xorijda ta'lim oldi, jumladan Yaqin Sharqda

Dubay - "zamonaviy islom" va "zamonaviy musulmonchilik" o'chog'imi?

Tojikistonda "dubaycha" ro'mol o'rash moda

Tojikiston bozorlarida "dubaycha moda"

Shariatga asoslangan dam olish? Tojikistondagi reklamalar