Koronavirus pandemiyasi sabab AQShda o’rta va oliy ta’lim dargohlarining kuzda ochilishi hozircha ma’lum emas. O’qish onlayn shaklga o’tsa, bundan xorijiy talabalar zarar ko’rishi mumkin.
“AQShning Moskvadagi konsullik xizmati hozir viza bermayapti. Faqat styuard va styuardessalarga suhbatsiz berishyapti. Talabalik vizasi uchun esa suhbatdan o’tish kerak. Suhbatsiz viza berilmaydi. Suhbatlar qachon jonlanishi noma’lum”, - deydi Liza Britova ismli rossiyalik talaba.
Ukrainalik Oleksiy Antonyuk nufuzli Yel universitetiga qabul qilinib, kuzda o’qishni boshlashi kerak edi, biroq haligacha viza olgani yo’q.
“Viza uchun suhbat 8-iyulga belgilangan edi, ammo pandemiya sabab iyun o’rtalarida 4-avgustga ko’chirdim”, - deydi u.
Antonyuk AQSh ta’lim grantini olgan va o’qish uchun yonidan to’lamaydi. “Ukraina global olimlari” dasturi iste’dodli talabalarga Amerikaning nufuzli universtitetlarida o’qish imkonini beradi. 2020-yilda 31 ukrainalik talaba grant sohibi bo’ldi, biroq vizani vaqtida olisholmasa, grantga ajratilgan 7 million dollar kuyib ketishi mumkin.
“COVID pandemiyasi hamma uchun yangi narsa. Universitetlar grantni qo’lga kiritgan talabalarga keyingi yilga hujjatlarni rasmiylashtirishga imkon berishi mumkin. Biroq vizasiz grantni qo’ldan boy berishlari mumkin”, - deydi dastur asoschisi Yuliya Lemesh.
Agar universitetlarda o’qish onlayn shaklga o’tsa, yangi qoidaga ko’ra xalqaro talabalarga viza berilmaydi.
“Talaba viza olishidan oldin Amerikadagi ta’lim maskani I-20 formasini ularga yuboradi. Talaba shu forma bilan viza olish uchun elchixonaga boradi. So’nggi qoidaga ko’ra, oliygohlar I-20 formada darslarning onlayn shaklda yoki qisman onlayn, qisman sinfda o’tkazilishini tasdiqlashi lozim”, - deydi Xalqaro ta’lim beruvchilar uyushmasidan Joan Xartman.
AQSh Chegara va immigratsiya xizmatining yangi qoidasi talabalik vizasi bor xalqaro studentlarga ham taalluqli. Agar ular o’qiyotgan oliygoh darslarni onlayn shaklga o’tkazsa, talabalar AQShni tark etishi kerak bo’ladi.
Garvard universiteti va Massachusets texnologiya instituti Tramp ma’muriyatining ushbu qarori yuzasidan sudga shikoyat qildi. Talabalarning aytishicha, o’qish onlayn tartibda bo’lsa ham Amerikada bo’lgan yaxshi.
“Oradagi vaqt farqi o’qishga ta’sir qilishi mumkin. Darslar ertalab boshlansa, Moskvada bu tunga to’g’ri keladi”, - deydi Britova.
“Talabalik hayoti ham o’ta muhimdir. Boshqa talabalar bilan muloqot qilish ta’lim olish jarayonining bir qismidir. Agar muallim bilan yuzma-yuz gaplashgim kelsa, universitet yotoqxonasi yoki unga yaqin joyda yashab, shunday qilishim mumkin”, - deydi Antonyuk.
“Agar onlayn o’qishdan boshqa chora bo’lmasa, undan foydalanish kerak. Hamma narsa ochilganidan so’ng Amerikaga kelib, o’qishni davom ettirish imkoni bo’ladi”, - deydi Xartman.
Oliygohlar xalqaro talabalardan voz kechishga tayyor emas. Shu bilan birga, o’qish onlayn tartibga o’tsa, xorijiy tabalalarga qulay bo’lishi uchun onlayn ta’lim dasturi takomillashtirilmoqda.
“Masalan, darslar hamma uchun qulay vaqtda o’tkazilishi yoki yozib olinishi mumkin. Muhokamalar uchun forumlar yaratiladi. Muloqot jonli bo’lmasa, muallim talabalarga savol bilan murojaat etishi, ular esa javoblarini keyinroq yuborishi mumkin”, - deydi Kaliforniyadagi San-Diyego universitetidan Dulse Dorado.
AQSh oliy o’quv yurtlarida tahsil olish uchun har yili mamlakatga bir millionga yaqin talaba keladi. Ularning Amerika iqtisodiyotiga hissasi taxminan 45 milliard dollarga to’g’ri keladi.