Sifatli oliy ta’lim izlaganlar uchun Amerika asosiy manzil

  • Amerika Ovozi

Amerika o'qiyotgan xorijlik studentlarning aksariyati Xitoydan – 235 mingdan ziyod bola. Undan keyingi o’rinlarda Hindiston, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni.

Qo’shma Shtatlarda o’qiyotgan xalqaro talabalar soni oshib borayapti. Xalqaro ta’limiy almashinuv bo’yicha e’lon qilingan yangi hisobotga ko’ra, joriy o’quv yilida bu raqam yetti foizga ortgan. Ya’ni 820 ming chet ellik Amerika kollej va universitetlarida bilim olayapti. Muallimlar o’sish davom etishidan umidvor.

Sifatli oliy ta’lim izlagan odamlar uchun Amerika hamon asosiy manzil bo’lib qolayapti.

Hindistonlik Nina Dominik Vashingtondagi Xalqaro talabalar uyida, 40 dan ziyod davlat yoshlari vaqtincha qo’nim topgan binoda yashayapti. Uning ro’yxatida Amerika hamisha birlamchi bo’lgan.

“Ta’lim va malaka jihatidan Qo’shma Shtatlar juda kuchli mamlakat ekanini bilardim. Shu ne’matdan bahramand bo’layapman”, - deydi u.

Nina bu davlatga bilim izlab kelayotgan ko’psonli xorijlik yoshlardan.

Aksariyati Xitoydan – 235 mingdan ziyod bola. Undan keyingi o’rinlarda Hindiston, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni.

Jeng Juning aytishicha, Amerikada o’qish sistemasi u kutganidan afzal bo’lib chiqdi. Amerikaliklarni yaqindan tanib, undan-da hayron qoldi.

“AQShda odamlar men o’ylaganimdan yaxshiroq, samimiyroq ekan. Rost!” – deydi student.

Yangi do’stlar orttirgan Jeng Amerika haqida tasavvurim boyidi, deydi.

Lekin Xalqaro ta’lim instituti prezidenti Alan Gudman madaniy almashinuv ikkiyoqlama jarayon, deydi.

“Xalqaro degan ta’mni hamma his etishi kerak. Bolalarni shunga o’rgatishimiz lozim. Amerikalik bolalar ham o’qishga kirgani zahoti kelgusi rejalarini o’ylab qo’yishi, domlalari bunda ularga yordam berishi kerak. Studentlar xalqaro maydonda yurish-turishni bilsin”, - deydi u.

Chet elda ta’lim olayotgan amerikaliklar soni o’tgan yili uch foizga oshib, 300 ming kishini tashkil etgan. Shu bilan birga, AQSh yoshlarining faqat 10 foizi xorijda bilim olgan – aksariyati faqat bir semestr o’qigan.

Nina Dominik bundan afsusda.

“Bu yerga kelib, bir narsani tushundim. Biz Amerikani bilamiz, lekin AQSh ahli ko’pincha dunyodan bexabar”, - deydi Nina.

Yana bir tanqid shuki, immigratsion qonunlar Amerikada o’qishni bitirgach, bu davlatda qolishi mumkin bo’lgan xorijlik mutaxassislar sonini keskin cheklab qo’ygan. Qonunchilar eng sara yoshlarni mamlakatda qoldirish yo’llarini izlayapti. Lekin Davlat kotibi muovini Evan Rayan amaldagi qonunlarda ham gap ko’p, deydi.

“Vazifamiz odamlarga Amerikada o’qishga imkon yaratish va vataniga qaytishini kafolatlash, chunki shundagina tom ma’noda o’zaro almashinuv bo’ladi”, - deydi rasmiy.

Jeng Ju xorijiy ta’lim odamning dunyoqarashini kengaytiradi, deydi. Bu esa global ziddiyatlarning oldini olishga yordam beradi.

“Xitoydan talabalar Amerikaga kelsa, amerikalik yoshlar Xitoyda borsa, madaniy rishtalar mustahkamlanadi. Davlatlar bir-birini tezroq tushunadi. Kelishibroq yashaydi”, - deydi u.

Xalqaro studentlar AQSh iqtisodiyotiga yiliga 24 milliard dollar olib keladi. Ko’pchilik chet ellik talabalar Kaliforniya, Nyu-York va Texas universitetlarini tanlaydi.