Obama Suriyada harbiy hujumlar ehtimolini tasdiqlamadi

  • Amerika Ovozi

Amerika rahbarining so’zlariga ko’ra, “Islomiy davlat” Suriyada o’ziga qulay muhit topdi va armiya ularni jilovlashga qodir emas.

Prezident Barak Obama Suriyada “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga qarshi havo hujumlari ehtimolini tasdiqlamayapti.

Bu orada, jangarilar yana bir vahshiyona qotillik tasvirlangan videoni e’lon qildi. Tasmada niqob taqqan uch shaxs asirga olingan kurd askarini boshidan judo qilganini ko’rish mumkin.

Videodagi odamlar Kurdiston muxtoriyati rahbari Masud Barzaniyni Amerika bilan ittifoqchilikni bas qilish haqida ogohlantiradi.

Barak Obamaning aytishicha, AQSh oldidagi ustuvor vazifa jangarilarni Iroqda chekinishga majbur qilishdan iboratdir. Hozircha bu borada aniq strategiya ishlab chiqilgani yo’q, dedi Oq uy rahbari kechagi matbuot anjumanida. Lekin Iroq va Suriyadagi tanazzulni hal qilish uchun koalitsiya tuzish harakatidamiz, dedi Obama.

“Regionda fikri doim ham bir joydan chiqmaydigan davlatlar bugun “Islomiy davlat” xavfi oldida birlashayotgani – ijobiy hol”, - deydi prezident. Davlat kotibi Jon Kerri tez orada mintaqaga safar qilib, bu davlatlar bilan muzokara o’tkazishi rejada.

Amerika Iroqda jangarilar manzillarini havodan urishda davom etayapti. Obamaning aytishicha, natijada “Islomiy davlat” guruhi salmoqli harbiy jihozlarini yo’qotgan.

Prezident Suriyada ham harbiy amaliyotga bosh qo’shamiz, deyishgacha bormadi.

“Suriyada murosaga moyil muxolifatni qo’llab-quvvatlashda davom etamiz. Suriya xalqi yo prezident Bashar al-Assad, yo “Islomiy davlat” o’rtasida tanlashga majbur emas. Boshqa imkoniyatlar, xususan, dunyoviy oppozitsiya ham bor. Prezident Assad mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashi, davlatni xolis boshqarishi gumon”, - dedi Barak Obama.

Amerika rahbarining so’zlariga ko’ra, “Islomiy davlat” Suriyada o’ziga qulay muhit topdi va armiya ularni jilovlashga qodir emas.

Hafta boshida Suriya hukumati Amerika va Britaniyaning harbiy yordamini olqishlab chiqqan edi. Biroq har qanday havo hujumini Damashq bilan kelishib amalga oshirish kerak bo’ladi, deydi Suriya rasmiylari.