Eron qo’shni Ozarbayjonni hukumatga qarshi namoyishlar paytida Erondagi ozarilarni qo’zg’atishga harakatda ayblarkan, Bokuni dastaklayotgan Turkiya Ozarbayjon bilan qo’shma harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Bu Eronga aniq signaldir. “Ozarbayjonni, uning suverenitetini, huquqlari va jug’rofiyasini hurmat qiling” degan signal. Agar Eron Ozarbayjon chegarasiga hamla qilsa, o’zini agressiv tutsa, Turkiya uni himoya qilishga tayyor”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Eron hukumatga qarshi namoyishlarni jilovlashga harakat qilarkan, Tehron Bokuni eronlik ozarilarni qo’zg’atishga harakat qilganlikda ayblayapti. Eron quruq do’q-po’pisa qilmay, Ozarbayjon chegarasida ikki mamlakatni ajratib turuvchi daryo bo’yida harbiy mashg’ulotlar o’tkazdi.
“Eronning so’nggi oylardagi bir necha shunday mashg’ulotida ponton ko’priklar ishlatildi. Ya’ni Eron armiyasi nimaga tayyorlanayotganini Bokuga aniq bildirib qo’ydi”, - deydi Bonn universiteti olimi Zaur Gasimov.
Ikki qardosh mamlakat rahbarlari Rajab Toyib Erdog’an va Ilhom Aliyev usiz ham yaqin hamkorligini qo’shma mudofaa shartnomasini tuzish orqali yanada kuchaytirdi.
Turkiya qurolli kuchlari ikki yil oldin Tog’li Qorabog’dagi urushda Ozarbayjonga ayrim hududlarni qaytarib olishda yordam bergan edi.
Ozarbayjon qurollarni Isroildan ham olib turadi. Eron bilan aloqalarning taranglashgani Bokuni Isroil bilan munosabatlarni kuchaytirishga majburladi.
"Ozarbayjon Isroilning o’ta muhim energetik ta’minotchisi, xavfsizlik bobida hamkori. Eron Isroil uni nishonga olish uchun Ozarbayjon hududidan foydalanyapti deb o’ylaydi. Ozarbayjon Erondagi yirik ozari jamoasi sabab Eronni tahdidkor davlat deb biladi. Mana shu omillarning barchasi Bokuni Isroilda elchixona ochishga majburladi”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutining eksperti Galliya Lindenshtraus.
Prezident Aliyev o’tmishda Eron bilan qarama-qarshilikdan qochishga harakat qilgan, biroq qudratli ittifoqchilarining yordamida va so’nggi harbiy yutuqlari fonida eronlik ozarilarni himoya qilish uchun dadilroq qadamlar qo’ymoqda.
“Bir necha hafta oldin Isroilda Ozarbayjon elchixonasining ochilgani ana shunday qadamlardan biri. Bu Bokuning Tehron bilan aloqalarida ancha erkinroq bo’layotganini, mintaqadagi yangi dinamikani hamda Eron rolining pasayotganini ko’rsatmoqda”, - deydi Gasimov.
Turk-Ozarbayjon harbiy mashg’ulotlari hali yana o’tkazilishi kutilarkan, Anqara Bokuni Eronning har qanday tahdidiga qarshi himoya qilishga so’z bermoqda.