Kecha Eron poytaxti Tehronda bir to'da odam Britaniya elchixonasiga bostirib kirgach, bu davlat Tashqi ishlar vazirligi Erondan ayrim diplomatlarini chiqarishga qaror qildi. Soni ma'lum emas.
Norvegiya esa vakolatxonasini butunlay yopishga qaror qildi, ammo bir necha diplomat Tehronda qoladi. Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning aytishicha, Eron hukumati elchixonani islomiychilardan himoya qilmagani uchun javob beradi.
Britaniya o'tgan hafta Eronga sanksiya qo'ygach, uning elchixonasi Tehronda hujumga uchradi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun voqeadan g'azabga tushib, Eron hukumatini bu holni tergov qilishga chaqirgan.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham elchixonaga hujumni qoralab, rasmiy Tehrondan diplomatlar xavfsizligiga doir xalqaro bitimlarga rioya qilishni talab qildi. Odatda Eronni tanqid qilishdan o'zini tutib kelgan Xitoy bu safar noroziligini yashirmadi.
Eron parlamenti spikeri Ali Larijoniyning aytishicha, politsiya tartibni o'rnatishga harakat qildi. Larijoniy BMT Xavfsizlik Kengashining britan elchixonasiga hujumni qoralab, chiqargan bayonotini tanqid qilib, kengashni shoshma-shosharlikda aybladi.