Shialar uchun muqaddas ziyoratgohlar har yili Eronda o’n millionlab odamlarni o’ziga tortadi. Koronavirus mamlakatda tarqalishi bilan hukumat Qum, Mashhad, Sheroz shaharlaridagi diniy ziyoratgohlarni yopishga qaror qildi, biroq mamlakatning diniy yetakchilari bunga qarshi chiqdi, bu esa o’z navbatida Eron diniy idoralarining kuchini ko’rsatmoqda.
Hukumat Eron bo’ylab maktablarni yopishni buyurib, futbol o’yinlari hamda kinoteatrlarda kinoseanslarni bekor qilgan, ammo muqaddas maskanlarni odamlar ziyorat qilishda davom etmoqda.
Koronavirus mamlakatning bir necha viloyatida qayd etilgan, yana sakkiz mamlakatda kasallikka duchor bo’lgan odamlarning Eronga safar qilgani aniqlandi.
Eron Sog’liqni saqlash vazirligi vakili Kianush Jahonpurning aytishicha, odamlarning uyushishini vaqtincha man qilish lozim, sayyohlik maskanlari, ziyoratgohlarni yopish kerak.
Har yili diniy ziyoratni ado etayotgan millionlab odamlar maqbaralarga qo’llarini yoki labini tekkizadi, bu esa virus tarqalishini tezlatadi, chunki koronavirus inson so’lagi, yo’tali va aksirishi orqali o’tadi.
22 yashar talaba Najaf shahrida virus yuqtirgani aniqlangach, 24-fevral kuni oltin gumbazli Imom Ali maqbarasiga kirish yopildi. Shundan so’ng sog’liqni saqlash xodimlari uning ichini niqob va qo’lqop kiyib dezinfeksiya qilishdi.
Eronda avliyolar xotirasiga salkam 11 ming ziyoratgoh qad ko’targan. Eng qadrlilari Mashhad va Qum shaharlarida.
Masalan, Mashhaddagi Imom Rizo maqbarasini har yili salkam 20 million odam ziyorat qiladi. Mashhaddan Quvaytga qaytgan besh ziyoratchi analiz topshirganida koronavirus yuqtirgani aniqlandi.
Qumdagi ziyoratgohlarni eronlik shialardan ko’ra pokistonlik va hindistonlik dindorlar ko’p ziyorat qiladi.
Ayrim diniy yetakchilarning aytishicha, koronavirus haqidagi gaplar bo’rttirilgan, dushmanlarning ishi.
Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, shu kunga qadar Eronda 95 kishi virusga chalingan bo’lsa, 15 nafari vafot etgan.
Erondan qaytgan pokistonlik ziyoratchilarning salkam 100 nafarida ham virus aniqlangan. Shu kunlarda 7000 dan ziyod pokistonlik Erondagi maqbaralarni ziyorat qilmoqda. Ularning barchasi yurtiga qaytganida tekshiruvdan o’tkazilishi aytilmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Ummon, Livan va Kanada fuqarolari ham Eronga safaridan so’ng kasal bo’lgan.
Eronga chegaradosh mamlakatlar chegaradan o’tish joylarini yopib, eronliklarni o’z hududiga kiritmayapti. Fors ko’rfazi mintaqasidagi arab davlatlari esa - Qatar bundan istisno – Eronga aviaqatnovlarni to’xtatgan, Bahrayn esa Erondan Dubay orqali uchayotgan reyslarni.