Eron AQSh samolyotini nishonga olgan

  • Amerika Ovozi

Amerikaning uchuvchisiz qiruvchi samolyotlaridan biri

AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, Eron qiruvchi samolyoti Fors ko'rfazida, xalqaro suvlar ustida yurgan qurollanmagan, uchuvchisiz havo vositasini o'qqa olgan.

Pentagon rasmiysi Jorj Littl deydiki, bu kuzatuvchi vosita Amerikaga tegishli, Eron chegarasini buzmagan va bazaga qaytishga muvaffaq bo'lgan.

Shu paytgacha bunday hodisa yuz bermagan edi, deydi Littl.

"Qo'shma Shtatlar Eronga shuni bayon qildiki, biz Fors ko'rfazidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz. Bu mintaqa tinchligi uchun xizmat qiladi", - deydi rasmiy.

Pentagon Eron harakatiga qanday javob qiladi degan savolga Littl javob bermadi, lekin shuni eslatdiki, Amerika o'ziga tegishli ob'yektlarni himoya qilishga qodir.

Obama ma'muriyati Eronning yadro dasturini qoralab, undan shubhalanib keladi. G'arb nazarida islomiy davlat zimdan atom quroli ustida ishlayotgan bo'lishi mumkin. Tehron esa programma yadroviy energiya sanoatining bir qismi va faqat tinch maqsadlarni ko'zlaydi deya izoh beradi.

Oq Uy masala diplomatik muzokaralar orqali yechiladi degan umidda.

Pentagon odatda maxfiy operatsiyalar va razvedka faoliyati haqida og'iz ochmaydi. Kuzatuvchi samolyot 1-noyabrda nishonga olingan, lekin hukumat bu haqda ma'lumot bermagan. Axborot vositalari o'zlari aniqlagach, Pentagon voqea haqiqat ekanini tan olishga majbur bo'lgan.