18-iyun kuni Eronda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Xalqaro kuzatuvchilarning saylovda ishtiroki man qilingan. Tanqidchilar jarayon erkin va adolatli bo’lmasligini, Tramp ma’muriyatining sanksiyalari sabab yuzaga kelgan iqtisodiy muammolardan qiynalgan aholi saylovga qiziqish bildirmasligini aytmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Narxlar ko’tarilib, pul qadrsizlanib, oddiy eronliklar ancha qiynalib qoldi. Ustiga-ustak, COVID-19 ham og’ir keldi. Yaqin Sharqda o’lim hollarining eng ko’pi Eronga to’g’ri keldi”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Sanam Vakil.
O’tgan hafta nomzodlardan uch nafari poygadan chiqishi ketidan prezidentlikka to’rt arbob da’vo qilmoqda. Nomzodlarni Konstitutsiya posbonlari kengashi ma’qullagan. Uch nafari o’taketgan konservator, faqat biri islohotchi.
“2009-yildan beri o’tkazilayotgan qo’shtirnoq ichidagi har bir saylovda rejim siyosiy tizimning so’l qanotini yo’qqa chiqarishga zo’r berdi. Diniy rais Xomeneiyning o’zi buning tepasida turib, siyosiy tizimni keskin o’ngga tortdi”, - deydi Vashingtondagi “Demokratiyalar himoyasi uchun jamg’arma” tahlilchisi Benham Ben Taleblu.
Eron saylov tizimiga qator voqealar ta’sir qildi. Masalan, 2020-yil yanvarida eronlik general Qosim Sulaymoniyning AQSh hujumida o’lishi aholining keskin noroziligiga sabab bo’ldi. Shundan bir necha kun o’tib, Eron kuchlari Ukrainaga qarashli yo’lovchi samolyotni adashib urib tushirgani mamlakatda norozilik namoyishlariga turtki berdi.
“Bir-biriga bog’liq voqealar xalq kayfiyatini tushirib yubordi. 2019-yil noyabrida narxlarning oshishiga qarshi kuzatilgan namoyishlar qattiq bostirildi. Oddiy eronliklar uchun saylovlarning qizig’i yo’q”, - deydi Sanam Vakil.
Kuzatuvchilar Eron Oliy sudining 60 yashar raisi Ibrohim Raisiy saylovda g’alaba qozonishini bashorat qilmoqda. Uning o’tmishda inson huquqlarining poymol etilishiga aloqadorligi G’arb bilan muammolarga sabab bo’lishi mumkin, deydi tahlilchilar.
“Afsuski, Raisiy 1980-yillar oxirida Oyatulla Ho’mayniyning qotillik haqidagi farmoniga asoslanib Tehronda besh ming siyosiy mahbusning o‘limiga sabab bo’lgan “o’lim komissiyasi”ga bosh bo’lganligi bilan mashhurdir”, - deydi Taleblu.
Eron uranni boyitish darajasini sezilarli ravishda oshirib, ba’zi mutaxassislarga ko’ra, yana bir necha oyda yadro qurolini ishlab chiqarish uchun yetarli materialga ega bo’lishi mumkin. Bayden ma’muriyati 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimga qaytish ustida o’ylanmoqda va agar Eron uran boyitishni to’xtatsa, sanksiyalarni bekor qilishga va’da beryapti. Tehron avval sanksiyalar olib tashlanishini talab qilmoqda. Venada bu boradagi muzokaralar davom etmoqda.
“Sanksiyalarning bekor qilinishi oddiy fuqarolar uchun muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Ammo nazarimda, eronliklarning yadroviy bitimga ham, AQSh va Yevropa mamlakatlariga ham ishonchi qolmagan”, - deydi tahlilchi Sanam Vakil.
Saylovda qatnashayotgan barcha nomzodlar yadroviy bitimni jonlantirish tarafdori.
“Saylovdan so’ng Venada muzokara qilayotgan Eron delegatsiyasida ishonch kuchliroq bo’lib, kelishuvga erishish osonroq bo’lishiga umid bor”, - deydi mutaxassis.