Dunyo bo'ylab eng xatarli kompyuter virusi tarqalmoqda

  • Amerika Ovozi

BMTning Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi tashkiloti "flame" deb nomlanuvchi kompyuter virusining xavfi haqida ogohlantirmoqda. Virus Eron va Yaqin Sharqdagi ba'zi davlatlarida paydo bo'lgan.

Agentlik muvofiqlashtiruvchisi Marko Obisoning aytishicha, bu kabi xavfli virus hali bo'lmagan.

"Uning asosiy vazifasi josuslik bo'lib, olingan ma'lumotlar asosida mamlakat infratuzilmasiga zarar yetkazsa bo'ladi. Virus davlat miqyosida yaratilgan bo'lishi mumkin", - deydi rasmiy.

"Flame" xavf darajasini kompyuter viruslariga qarshi programmalar ishlab chiqaruvchi Rossiyaning Kasperskiy laboratoriyasida ham tan olishdi. Aytilishicha, virusdan avval Erondagi kompyuterlar zarar ko'rdi, so'ng u Isroil, Falastin, Sudan, Suriya va boshqa hududlarga tarqaldi.

Eronda kompyuter xurujlariga qarshi kurashuvchi idora ma'lumotiga ko'ra, "flame" 2010-yilda Eron yadro inshootlarida bir nechta sentrifugani ishdan chiqargan Staksnet virusidan ham kuchli. Rasmiy Tehron "flame"ga qarshi programma ishlab chiqqanini aytmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, virus nafaqat kompyuterdagi hujjatlardan nusxa oladi, balki kompyuter mikrofonini yoqib, atrodfagi suhbatlarni yozib oladi ham.

Bu kimning ishi ekani ma'lum emas, biroq Isroildagi ayrim siyosatchilar buning ortida yahudiy davlati turganiga ishora qilmoqda.

Vitse-premyer Moshe Yaalonning aytishicha, "flame" kabi kiberqurol Eron yadro tahdidini bartaraf etmoqchi bo'lgan har bir davlatga qo'l keladi.

Tehron "Staksnet" xurujida Isroil va G'arbni ayblagan. Ular shu tariqa atom dasturiga ziyon yetkazmoqchi, deydi Eron rasmiylari.