Eron yadro inshootidagi hodisada Isroilni ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Eronning Natans yadro inshooti

Eron hukumati 11-aprel kuni Natans yadro inshootidagi hodisada Isroilni ayblab, qasos olishini bildirdi. Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif uranni boyitish zavodidagi elektr tarmog’ining uzilishini Isroildan ko’rdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 12-aprel, 2021-yil

Vazirlik so’zlovchisiga ko’ra, uranni boyitishda ishlatiluvchi sentrifugalar zarar ko’rgan, ammo tez orada yangilanadi. Hodisa oqibatida xavfli moddalar oqib tushganmi yoki qurbonlar bo’lganmi, ma’lum emas.

Natans zavodi Eronning muhim yadro inshootlaridan bo’lib, BMT yadro inspektorlari nazoratidadir. Isroil Eronni yadro qurollarini yaratib, unga qarshi ishlatmoqchi bo’layotganlikda ayblaydi.

Yahudiy davlati ayblovlarga rasman javob bergani yo’q. Biroq Isroildagi ayrim ommaviy axborot vositalarining ismini oshkor etishni istamagan manbalarga tayanib xabar berishicha, Natansdagi qo’poruvchilik harakatlari ortida Isroilning Mossad razvedka xizmati turibdi va buning natijasida uran boyitish jarayoni bir necha oyga sekinlashgan.

O’tgan hafta Vena shahrida Eron va bir necha davlat diplomatlari uchrashib, 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimni jonlantirish xususida gaplashgan. AQSh shartnomadan 2018-yilda chiqib, Eronga sanksiyalar qo’ygan edi. Yadro dasturini cheklovchi bitim majburiyatlaridan o’zini ozod deb bilgan Tehron asta-sekin yadroviy faoliyatini kuchaytirdi.

Eron yadro quroli ustida ishlayotganini inkor etarkan, Natansdagi faoliyati tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlab keladi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning aytishicha, inshootga hujum muzokaralarga ijobiy ta’sir qilmaydi.