Xabarlarga ko’ra, olti yirik mamlakat va Eron muzokarachilari 2015-yilda imzolangan, biroq 2018-yilda to’xtab qolgan xalqaro yadroviy bitimni jonlantirishga yaqin turibdi. AQSh va G’arb ushbu kelishuv orqali Eron yadro dasturini cheklashga intilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma Eronning oshkor etilmagan uchta yadroviy inshootida uran qoldiqlari topilganiga ishora qilarkan, masalani tergov qilmoqchi. Biroq Tehron taftish to’xtatilmasa, yadroviy hamkorlikka ko’nmasligini bildiryapti.
“Ular ishni bosti-bosti qilmoqchi va yadro qurollari ustida izlanish olib bormagani haqidagi 20 yillik yolg’onlarining oshkor bo’lishini xohlashmayapti”, - deydi Britaniyaning tashkilotdagi sobiq elchisi Piter Jenkins.
Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma olib borayotgan tekshiruv yadroviy kelishuv bo’yicha muzokaralardan alohida olib borilmoqda.
AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Eron bilan 2015-yilda imzolangan bitim uning ballistik raketa dasturi yoki mintaqadagi terror guruhlariga yordamini cheklamaganiga ishora qilib, 2018-yilda shartnomadan chiqqan edi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yangi kelishuvda ham bu mavzular qamralmasligini aytdi.
“Nazarimda, bitimga bugungi shartlar asosida kelishilsa ham uning yo’qdan ko’ra bo’lgani yaxshi va foydali. Hujjat barcha muammolarni hal qilmasligini tushunamiz”, - dedi u.
AQShning bitimdan chiqqani Eronga kelishuvga rioya qilmaslikka sabab bo’ldi. Tehron uran boyitishni kuchaytirdi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Eron yadro qurolini yaratishga zarur materiallarni yetarli miqdorda ishlab chiqarishga yaqin turibdi.
“Yadroviy bitimni jonlantirish o’ta muhim, chunki u yadro materialini doimiy muhofaza qilishni talab qiladi”, - deydi sobiq diplomat.
Eron yadro dasturiga oid xalqaro bitimning amal qilish muddati 2031-yilgachadir. Uni hozirgi ko’rinishida jonlantirish xato, deydi tahlilchi Benham Ben Taleblu.
“Bu ko’p pulga kam vaqt sotib olish bilan tengdir”, - deydi Vashingtondagi Demokratiyalar muhofazasi jamg’armasi eksperti.
Vashingtonga ko’ra, agar bitim tiklansa, uni uzaytirishga vaqt bo’ladi.