Eron yadro faoliyatini cheklash yo'lida muhim bir qadam

  • Amerika Ovozi

Shveysariyaning Lozanna shahri, 2-aprel, 2015

Shveysariyaning Lozanna shahrida Eron yadro dasturi xususida so'nggi sakkiz kun davomida muzokara qilgan Tehron va olti yirik davlat tomonlar dastlabki bitimning asosiy tamoyillari bo'yicha kelishib oldi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo'yicha mas'ul rasmiysi Federika Mogerinining matbuot anjumanida aytishicha, endi Eron, AQSh, Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Fransiya ana shu tamoyillar asosida 30-iyungacha keng qamrovli yakuniy bitimga intiladi.

Bugungi kelishuv Eron atom faoliyatini cheklaydi. Bundan keyin, deydi Mogerini, uran faqat Natans yadro zavodida boyitiladi.

Xalqaro inspektorlar bunga amin bo'lgach, AQSh va Yevropa Ittifoqi Eronga qo'yilgan iqtisodiy sanksiyalarning barchasini bekor qilishga rozi bo'ldi.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif ham Lozannada shu mazmundagi bayonotni fors tilida o'qib eshittirdi. So'ng Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Twitter da kelishuvni e'lon qildi.

AQSh Prezidenti Barak Obama ham Vashingtonda bayonot qilib, to'liq ijro etilgan bitim Eronga yadro quroli yaratishga imkon bermaydi, dedi.

Unga ko'ra, Eron izchil inspeksiya qilinadi.

"Aldasa, butun dunyo xabardor bo'ladi", - deydi Obama.

AQSh rahbariga ko'ra, Eron iqtisodiyotiga zarar yetkazayotgan sanksiyalar yumshatiladi.