Eron yadro dasturi borasida muzokaraga qaytmoqchi

  • Amerika Ovozi

Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton, Eron muzokarachisi Said Jaliliy

Eron jahon hamjamiyati bilan o’z yadro dasturi haqida muzokaraga qaytishga rozi.

Eron muzokarachisi Said Jaliliy g’arb davlatlariga shu haqda taklif jo’natdi.

Bu muloqot Germaniya va BMTning besh doimiy a’zosi AQSh, Rossiya, Xitoy, Britaniya va Fransiya ishtirokida o’tadi.

Oxirgi bor tomonlar yanvarda ko’rishgan, biroq fikrlar bir joydan chiqmagan edi.

Rasmiy Tehron yadroviy izlanishlar olib borishga haqli ekanini aytib keladi.

G’arb xavotiri shuki, Eron yadroviy izlanishlari orqali atom quroli yaratmoqchi. Rasmiy Tehron ayblovni qat’iyan inkor etadi.

Islomiy respublika bugunga rejalangan harbiy mashqni, xususan, uzoq masofaga uchadigan raketa sinovini ham kechiktirganday.

Hafta boshida Eron Ormuz bo’g’ozida neft tankerlari qatnovini yopamiz, deb po’pisa qilgan, G’arb yangi sanksiyalar qo’llash fikridan qaytsin, deya talab qilgan edi.

Yevropa davlatlari, jumladan, Eron yonilg’isini boykot qilmoqchi.