Eronda kam boyitilgan uran zaxirasi 2015-yilda imzolangan xalqaro yadro bitimi qo’ygan cheklovdan oshgani ma’lum bo’lgach, AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron olov bilan o’ynashmoqda, deya munosabat bildirdi.
Shartnomaga ko’ra, kam boyitilgan uran zaxirasi 300 kilogramdan oshmasligi kerak, biroq may oyida Tehron uni to’rt baravar ko’p ishlab chiqargan. Boyitilgan uran atom reaktorlari uchun yoqilg’i sifatida hamda yadro qurolini yaratish uchun ishlatilishi mumkin.
Tramp Eronga boshqa gapi yo’q ekanini muxbirlar bilan uchrashuvda so’zladi.
“Eron nima qilayotganini yaxshi biladi. Ular olov bilan o’ynashmoqda. Hech bir gapim qolmadi ularga”, - dedi Tramp.
Oq uy Eronga yadro qurolini yaratishga ruxsat bermasligini bir necha bor aytgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, kam boyitilgan uran zaxirasini oshirish xalqaro bitimda man qilinmagan. Unga ko’ra, hujjatda bitimga a’zo bir taraf undan chiqsa, boshqasiga shunga yarasha chora ko’rishga ruxsat beriladi.
Your browser doesn’t support HTML5