Eron AQSh ustidan ma'naviy g'alaba qozonganini da'vo qilmoqda. Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning aytishicha, Vashington Tehronni uran boyitishni kuchaytirgani uchun qattiqroq jazolamoqchi bo'lgan, ammo AQSh xalqaro hamjamiyatni bu masalada o'z yoniga og'dira olmadi.
Ruhoniy bu haqda shimoldagi Shirvon shahriga tashrifi chog'ida so'zladi. Unga ko'ra, AQShning Eronga bosimi ish bermadi.
"Oxirgi 14 oy ichida amerikaliklar bizga qarshi har qanday harakatga o'zini urdi - ijtimoiy, siyosiy, huquqiy - ammo har safar mag'lub bo'lishdi", - dedi u.
O'tgan hafta Eron uranni 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitim qo'ygan cheklovlardan oshirib boyitishi ketidan Tramp ma'muriyati ittifoqchi davlatlarni Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga da'vat etgan. Qo'shma Shtatlar shartnomadan o'tgan yili chiqib, Eronga iqtisodiy sanksiyalar qo'ygan edi.
Tehron nazarida, uranni boyitish dasturi xalqaro qonunlarga zid emas.
"Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi bitimda uranni boyitish man qilinmagan. Bu bitimga a'zo har bir davlatning haqqi. Eron ham shu huquqidan shaffoflik bilan, Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma nazorati ostida foydalanyapti. Boshqarma inspektorlari Eronda. Har bir harakatimizni nazorat qilishyapti, yashirin ish olib borganimiz yo'q", - deydi Eronning BMT va Venada asoslangan xalqaro tashkilotlardagi elchisi Kozim G'arib Abadiy.
Sanksiyalarga javob tariqasida Eron Fors ko'rfazi bo'ylab neft tashiyotgan tankerlar harakatini cheklashga urinyapti. O'tgan hafta Eronning uchta kemasi Britaniyaga qarashli neft tankeri yo'lini to'sishga harakat qildi, biroq britan harbiy kemasi yaqinlashishi bilan yo'lni ochgan.
"Vaziyatni nazorat qilyapmiz. Britan kemalari xavfsizligiga e'tibor beryapmiz", - deydi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant.
AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari bundan keyin neft tankerlari hududdan harbiy kemalar hamrohligida o'tishi haqida ma'lum qildi.