G'arb davlatlari Eronning neftni eksport qilish salohiyatini cheklashga urinsa, rasmiy Tehron Ormuz bo'g'ozi orqali neft tankerlarining o'tish yo'lini to'sib qo'yishga do'q-po'pisa qilmoqda.
Eron harbiy floti qo'mondonining bildirishicha, bu qiyin emas, ammo hozirgi sharoitda ehtiyoj yo'q.
Vitse-prezident Muhammod Rizo Rahimiyning aytishicha, G'arb Eron neft sanoatiga sanksiya qo'ysa, bo'g'ozdan bir tomchi ham yonilg'i o'tmaydi. Ormuzda shanbadan beri 10 kunlik harbiy mashqlar davom etmoqda.
AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Tonerning aytishicha, rasmiy Tehron bu kabi bayonotlar bilan jahon hamjamiyati diqqatini o'z yadro dasturidan chalg'itishga harakat qilmoqda.
Jahon neft eksportining uchdan bir qismi Ormuz bo'g'ozi orqali o'tadi. Tahlilchilar fikricha, Eron uni yopishga jur'at eta olmaydi, aks holda o'z faoliyatini ham cheklab qo'ygan bo'ladi.
Kelasi oy Yevropa Ittifoqi Eron neftini boykot qilish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda. Qo'shma Shtatlar Janubiy Koreya va Yaponiyaga bosim qo'yib, Erondan neft import qilishni to'xtatishni talab qilmoqda.
AQSh shu tariqa rasmiy Tehronni yadro dasturidan voz kechtirmoqchi. G'arb Eron yadro quroli ustida ishlamoqda desa, rasmiy Tehron dastur tinch maqsadlarga qaratilgan, deydi.