Eron yadro dasturini cheklashga rozi bo'ladimi?

  • Amerika Ovozi

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif (chapda) AQSh davlat kotibi Jon Kerri (ro'parad) bilan uchrashmoqda, Vena, 13-iyul, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Venada Eron atom dasturi bo’yicha xalqaro muzokaralarda qatnashmoqda. Muloqotda AQSh, Britaniya, Eron, Fransiya va Germaniyadan tashqi ishlar vazirlari, Rossiya va Xitoydan esa yuqori lavozimli diplomatlar ishtirok etmoqda.

Kerri bugun Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan ko’rishmoqda.

Tomonlar Eronga yadro qurolini yaratishga imkon bermaydigan uzoq muddatli bitimga kelishishga harakat qilyapti. Buning evaziga Eronga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilish va’dasi berilgan. AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralarda kelishilmagan hali ko’p masalalar bor. Eron pozitsiyasida qattiq turib olib, murosa qilishni istamayapti, deydi Amerika rasmiylari.

Ularga ko’ra, bitimning 70 foizi kelishilgan, xolos. Eronga uranni qay darajada boyitishga ruxsat berish va cheklovlar qay muddatga amal qilishi xususida umumiy bir fikr yo’q.

Hujjat dekabr oyida qabul qilingan va kelasi yakshanba kuchini yo’qotadigan muvaqqat bitimning o’rnini egallaydi.

"Gaplashadigan hali ancha gap bor. Buning uddasidan chiqa olamizmi, yo’qmi, shuni ko’rmoqchimiz. Oldinda muhim uchrashuvlar va muloqotlar bor. Bu juda ham muhim mavzu. Eron yadro qurolini yaratmasligiga, dastur tinch maqsadlarga qaratilganligiga amin bo’lishimiz ahamiyatli", - dedi Kerri.

Muzokaralarda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi hamda Germaniya ishtirok etmoqda. Guruh P5+1 nomi bilan yuritiladi.

O’tmishda Eron atom dasturiga doir bitimlarga rioya qilmagan, Xavfsizlik Kengashi va Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma rezolyutsiyalarini pisand etmagan, G’arb da’vosiga ko’ra maxfiy ravishda harbiy yadroviy izlanishlarni olib borgan.

Bu hol takrorlanmasligi uchun xalqaro hamjamiyat jarayonni nazorat etishni istaydi, toki dastur maxfiy bo’lmasin va Tehron atom qurolini yaratishga qo’l urmasin. Shunda Eron bitimni buzsa ham dunyo davlatlarida diplomatik yoki harbiy chora ko’rishga yetarlicha vaqt bo’ladi.

Londondagi Qirollik kollejida Eron bo’yicha ekspert Metyu Moranning aytishicha, o’tmishda hujjatlarning poymol etilganini ko’rgan G’arb muloqotga tegishli xulosa chiqargan holda yondashadi.

"Eron bilan oldingi muzokaralardan ko’p saboqlar olindi. G’arb Tehron bilan kelishmoqchi, biroq bu ishda shoshma-shosharlikka yo’l qo’ymaydi. Xalqaro xavfsizlikka oid muhim muammolarga davomiy yechim topish haqida gap ketmoqda. Shu sababdan masalaga yengil qaralmaydi", - deydi Moran.

O’tgan dekabr kelishilgan muvaqqat bitim natijasida Eron yadro dasturini cheklashga ko’nib, evaziga ba’zi iqtisodiy sanksiyalar yumshatildi. Shundan so’ng tomonlar olti oy davomida keng qamrovli shartnoma bo’yicha muzokara qilishga kelishib oldi. 20-iyul muzokaraning so’nggi kuni. Agar ba’zi mavzular muhokamasi chala qolsa, muvaqqat bitim yana olti oyga cho’zilishi mumkin.

Biroq buning o’ziga yarasha muammolari bor. AQSh rasmiylariga ko’ra, temirni qizig’ida bosish kerak, aks holda imkoniyat qo’ldan boy beriladi, xalqaro sanksiyalar yumshatilishi mumkin, noyabrda saylanadigan yangi Kongress bilan masalaning ayrim tomonlari xususida kelishish qiyinroq bo’ladi.

Eron amaldagi bitim muddatini cho’zish uchun jazo choralarining yanada yengillashtirishni talab qilmoqda. AQSh rasmiylari Tehronga ishonch yo’q deya buning iloji bo’lmasligini aytmoqda. Eron tashqi ishlar vazirining aytishicha, qars ikki qo’ldan chiqadi, qarshi tomon ham Eron ishonchini qozonishi kerak.