So’nggi paytda Turkiyaning qo’shni Eron bilan aloqalari taranglashgan. Iroq va Suriya mojarolarida bu davlatlar qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlamoqda. Raqobat mintaqada mazhablararo ziddiyatlarga sabab bo’lmoqda.
"Turkiya davlat matbuotida Eronga qarshi kampaniya olib borilmoqda. Ayrim rasmiylarga ko’ra, Eron Turkiyaga yolg’iz raqib emas, dushman hamdir, chunki Tehron mintaqada shialikni targ’ib qilmoqda. Rasmiy darajada buni ko’rmaysiz, asosan, matbuotda o’qiysiz”, - deydi “Hurriyat” gazetasi muxbiri Semih Idiz.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an sunniy musulmon bo’lib, chiqishlarida o’zini islom himoyachisi qilib ko’rsatishga harakat qiladi.
Erdog’an Iroqda Eron yordami bilan ish qilayotgan qurollangan shia guruhlari faoliyatini qoralab keladi. Uning nazarida, bu guruhlar ataylab sunniylarni nishonga olmoqda. Biroq xalqaro masalalar bo’yicha mutaxassis Oysha So’zen Usluyerning aytishicha, Turkiya siyosati ortida mazhabiy emas, gumanitar omillar bor.
"Mintaqada turli harbiy harakatlar ketidan aholi tarkibining o’zgarayotganini ko’rish mumkin. Shia jangchilariga salbiy munosabat ularning shia ekani bilan bog’liq emas. Tel-Afar, Musul, Jarabulus, al-Bab shaharlari demografiyasining o’zgarishini istamaymiz", - deydi ekspert.
Erdog’an Musul va Tel-Afarda ”Islomiy davlat” to’dasiga qarshi tanklar yuborib, shia kuchlarining sunniylarga qarshi harakatlariga ko’z yummasligini aytgan. Ba’zi tahlilchilar nazarida, Turkiyaga qo’shni mamlakatlar Anqaraning bu siyosati ortida mazhabiy manfaatlar borligini ko’rib, bunday siyosat Tehron bilan to’qnashuvga yetaklashi mumkinligidan xavotirda.
Eron bilan aloqalarning taranglashishi Turkiyaga AQShda yangi saylangan Prezident Donald Tramp bilan hamkorlik qilishga asos bo’lishi mumkin. Barak Obama prezidentligi paytida AQSh-Turkiya aloqalari sovuqlashgan, biroq Eronga qattiqroq bosim qo’yaman degan Tramp bilan hamkorlik jonlanishi mumkin, deydi jurnalist Semih Idiz.
"Biroq Turkiya bilan ittifoq uzoqqa yetmasligi mumkin, chunki Trampning Eronga qarshiligi uning islomga qarshiligi bilan bog’liq. Birorta strategik mafkuraviy qarashga asoslanmagan. Trampning islom diniga qarshi siyosati Turkiya bilan to’qnashuvga olib kelishi ham mumkin”, - deydi mutaxassis.
Anqara Tehronga qattiqroq bosim qo’yishga chaqirib kelayotgan Isroil bilan ham kelishib olishi mumkin. O’tgan oy Isroil va Turkiya diplomatik aloqalari to’liq tiklandi.
Turkiyaning Eron bilan munosabatlari tarixan hamkorlik va raqobat orasida bo’lgan. Tehron bilan ziddiyatlar Anqaraning o’ziga qimmatga tushishi mumkin, deydi ayrim kuzatuvchilar, chunki Eron mintaqada raqiblarini beqarorlashtirish uchun uchinchi kuchlardan unumli foydalanib keladi.