Eron muxolifatiga ko'ra, xavfsizlik kuchlari poytaxt Tehronda bosh ko'targan namoyishchilarni kuch bilan tarqatgan. Yuzlab odam hibsda.
AQSh prezidenti Barak Obama tinch faollarga hujum qilgan Eron hukumatini qoraladi. Davlat kotibi Xillari Klinton esa Eron hukumatini ikkiyuzlamachilikda aybladi.
Erondagi vaziyat haqida xolis manbalardan ma'lumot olish qiyin, chunki hukumat xorijiy jurnalistlarga namoyishlarni yoritishni taqiqlab qo'ygan.
Ma'lumot asosan muxolifat yetakchisi Mir Husayn Musaviyning internetdagi sahifasidan olinyapti. Unga ko'ra, hukumat taqiqiga qaramay minglab faollar namoyish qilgan.
Eron rasmiy axborot agentligi isyonchilarni "bo'lginchilar" deb atab, ular jarayonni kuzatayotgan odamlarga qarata o'q otganini aytmoqda.
Bir kishining o'lgani ma'lum. Namoyishchilarga qarshi hukumat tarafdorlari ham ko'chaga chiqqan. Politsiya ko'zni yoshlantiruvchi gaz otdi, deydi guvohlar.
Muxolifat ma'lumoticha, Isfaxon, Sheroz va Karmonshoh shaharlarida ham hukumatga qarshi namoyishlar o'tgan.
Prezident Obamaning aytishicha, eronliklarda o'z fikrini erkin ifoda etish uchun imkoniyat bo'lishi kerak.
"Eron xalqida buning uchun yetarlicha matonat bo'lishiga ishonaman", - deydi AQSh rahbari.
Davlat kotibasi Xillari Klinton Misrdagi g'alayonni olqishlab, Eronda namoyishlarning bostirilganini qoralaydi. Qo'shma Shtatlar, deydi Klinton, eronliklar orzulariga sherikdir.
"Eron xalqi matonatiga, hukumatning esa ikkiyuzlamachiligiga guvoh bo'lyapmiz. Rasmiy Tehron Misrdagi o'zgarishlarni olqishlab keldiyu, ammo o'z fuqarolari huquqlarini talab qilib chiqqanda ularni bostirib, asl yuzini namoyish etdi", - deydi Klinton.
Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Krouli Erondagi vaziyatni shunday tasvirlaydi.
"Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni hibsga olmoqda, do'pposlamoqda. Uyali va boshqa aloqa vositalari faoliyati cheklangan. Muxolifatning har ikki yetakchisi uy qamog'ida", - deydi Krouli.
Klinton Misrda saylovlar o'tib, hukumat shakllanmaguncha boshqaruv harbiylar qo'liga o'tganini ma'qullagan, ammo, deydi u, Qo'shma Shtatlar jarayonni yaqindan kuzatib boradi.
"Berilgan va'dalar bajariladi degan umiddamiz", - deydi Klinton, "ya'ni favqulodda holatlar haqidagi qonun bekor qilinishiga, konstitutsion islohotlar amalga oshirilib, saylovlarda barcha siyosiy partiyalar ishtirok etishiga aminmiz".