Germaniya hukumati AQShning Hormuz bo’g’ozida kemalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan kampaniyasiga qo’shilishdan bosh tortdi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQShning Eron bilan aloqalari taranglashar ekan, AQSh, Fransiya va Britaniya Eronning kemalar harakatlanishiga to’sqinlik qilishining oldini olmoqchi. Bo’g’oz orqali dunyo xom nefti ta’minotining beshdan bir qismi o’tadi.
“Germaniya ziddiyatlarni yumshatish uchun ishonch rishtalarini o’rnatish yo’llarini izlar ekan, barcha mamlakatlar bilan muloqot uchun birday ochiq. Muammoga harbiy yechim yo’q, faqat diplomatik”, - dedi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas.
So’nggi bir necha haftalarda AQSh va Eron bo’g’oz atrofida bir-biriga qarashli dronni urib tushirganini da’vo qildi. Bundan tashqari, Britaniya Gibraltar yaqinida Eronga qarashli neft tankerini, bir necha kun o’tib esa Eron britan bayrog’i ostida harakatlanayotgan kemani hibsga oldi.
Yevropa davlatlari vaziyat izdan chiqmasligi va kattaroq mojaroga aylanmasligi uchun AQSh taklif etayotgan missiyaga qo’shilishdan bosh tortmoqda.
Bu o'rtada Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy AQShning Eron tashqi ishlar vazirini qora ro’yxatga qo’shish qarorini “yosh bolaning qilig’i” deb atadi. Ruhoniyning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron bilan hech bir shartsiz muzokaraga tayyormiz deb tashqi ishlar vaziriga nisbatan sanksiya qo’llamoqda.
“O’zini dunyoning eng qudratli davlati deb bilgan mamlakat tashqi ishlar vazirimiz intervyusidan qo’rqyapti. Dono va jonkuyar diplomat bildirgan mantiqli gaplardan Oq uyning ustunlari titrab ketdi”, - dedi Eron prezidenti.
AQSh prezidenti farmoniga ko’ra, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif iyun oyida AQSh qora ro’yxatiga kiritilgan Eron Oliy diniy raisi Oyatulla Ali Xameneiy nomidan ish yurityapti.
Qora ro’yxatga kiritilgan shaxslar AQShga kiritilmaydi va Amerikadagi mulki muzlatilishi mumkin, biroq ma’lum bo’lishicha, Zarifning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga rasmiy tashriflari bu cheklovdan mustasno.
Eron vaziriga ko’ra, AQShning bu chorasi unga ta’sir qilmaydi, chunki uning AQShda na mulki bor, na shaxsiy manfaatlari.