AQSh yadroviy bitimdan chiqsa, Eron atom dasturini jonlantirishini aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning aytishicha, agar AQSh 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan chiqsa, islomiy respublika atom dasturini jonlantiradi. AQSh rahbari Donald Tramp Eron va olti davlat tomonidan imzolangan shartnomani tanqid qilib keladi.

Kongress talabiga ko'ra, Amerika prezidenti har olti oyda bitimga rioya qilinayotganini tasdiqlab turishi lozim. Agar Tramp 12-maygacha Kongressni bu haqda xabardor qilmasa, Qo’shma Shtatlar hujjatni bekor qilishi mumkin. Fransiya va Germaniya Trampni bitimdan chiqmaslikka chaqirmoqda. Ular nazarida, shartnoma mukammal bo’lmasa-da, uning bo’lgani yaxshi.

Trampning aytishicha, bitim zaif va unda ko’plab kamchiliklar bor. Oq uy ma’muriyati hujjatni o’zgartirishga, Eronning ballistik raketa dasturini ham cheklashga chaqirmoqda.

Tehron shu kungacha bitim shartlarini bajarib kelmoqda, ammo agar AQSh uni buzsa, javob chorasi ko’rilishini aytmoqda.

“Biz yadro faoliyatimizni oldingidan ancha kattaroq ko’lamda davom ettirishimiz mumkin. Bu shart hujjatda bitilgan”, - deydi Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif.

Trampning atrofidagi ayrim maslahatchilari Tehronga qattiqroq bosim qo’yishga chaqirmoqda. AQShning Yaqin Sharqdagi hamkorlari Isroil, Saudiya Arabistoni va yana bir necha arab mamlakati ham keskinroq siyosat tarafdori. Biroq bitimni imzolagan Fransiya, Britaniya va Germaniya amaldagi shartnomaga e’tirozi yo’qligini aytadi.

“Isroilning Eronga nisbatan xavotirlarini tushunsa bo’ladi. Bu xavotirlarni jiddiy qabul qilayotgan davlatlar masalaga yondashuv xususida kelisha olmayapti. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu fikricha, Eron bilan imzolangan bitim uning xavfsizligini ta’minlashga ojiz. Bizning nazarimizda, bitim mukammal bo’lmasa-da, uning yo’qligidan bo’lgani yaxshi”, - deydi Germaniya kansleri Angela Merkel.

Agar Oq uy ma’muriyati 12-maygacha Eron bitim shartlarini bajarayotganini tasdiqlamasa, Kongress hujjat imzolanganidan so’ng bekor qilingan Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashga majbur bo’ladi. Biroq bunday bo’lgan holda, deydi ba’zi tahlilchilar, AQShga bo’lgan ishonchga hamda Trampning Shimoliy Koreya rahbari bilan keyingi oyga rejalanayotgan uchrashuviga putur yetishi mumkin.