Amerika Eronga sanksiyalar qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Amerika Prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni ballistik raketani sinovdan o'tkazgan Eronga ogohlantirish berdi.

Tehron buni pisand qilmay, sinovlarni davom ettirmoqchi. Ketidan Tramp ma'muriyati Eronning raketa texnologiya sanoatiga aloqador shaxslar va kompaniyalarga sanksiya qo'ydi.

Hozircha Tehron bilan erishilgan yadroviy shartnomani bekor qilish haqida gap ketmayapti, biroq qaror ikki mamlakat aloqalarini yanada tarang qilishi aniq.

Prezidentning aytishicha, Tehron haqida gap ketganda har qanday chora, jumladan, harbiy chorani rad etib bo'lmaydi.

Tramp oldindan Amerika va besh yirik davlat Eron yadro dasturini tugatish bobida erishgan kelishuvni tanqid qilib keladi. Bu kelishuv natijasida Eronning avval muzlatilgan milliardlab dollari muomalaga qaytgan edi. Tramp nazarida oldingi rahbar Barak Obama bo'shlik qildi va Eronga bo'yin egdi.

Eron bilan imzolangan bitimga ko'ra, mamlakat uranni boyitishni kamaytirishi, yadroviy inshootlarini boshqa maqsadlarga yo'naltirishi kerak.