Iroqda talofatlar hisobi bilan shug'ullanuvchi britan tashkilotiga ko'ra, joriy yilda bu mamlakatda 2003-yilda urush boshlanganidan beri eng kam odam o'lgan. Biroq zo'ravonlik kichik ko'lamda bo'lsa-da, hali uzoq davom etishi aytilmoqda.
Tashkilot hisobotiga ko'ra, bu yilgi talofatlar salkam 4 mingga teng. 2009-yilda Iroqda 4,680 oddiy fuqaro o'lgan edi. Bu yili qurbon bo'lgan tinch aholining uchdan ikki qismi bomba xurujlaridan o'lgan. AQSh harbiylari xatosi tufayli nobud bo'lganlar soni o'tgan yilga qaraganda ikki baravar kam - 32 kishi.
Iroq Milliy matbuot markazi vakili Xusham al Riqobiyning Amerika Ovoziga aytishicha, poytaxt Bag'dodda terrorchilar rahbarlari hibsga olinib, vaziyat ancha barqarorlashgan.
"Bag'dod, Diyala, Anbar va Mosulda al-Qoidaga aloqador bir necha guruh faoliyatiga chek qo'yildi. Ayniqsa hozir Iroqda yangi hukumat tuzilganidan keyin xavfsizlik yanada kuchaytiriladi", - deydi mutaxassis.
Biroq talofatlarni o'rganuvchi tashkilotning aytishicha, joriy yilning birinchi va ikkinchi yarmida xurujlar darajasi deyarli bir xil bo'lgani uchun vaziyat yaxshilandi deb bo'lmaydi.
Xurujlar ko'lami kamaygani bilan, deyiladi tashkilot hisobotida, zo'ravonliklar hali bir necha yil davom etishi mumkin. Eng ko'p xurujlar poytaxt Bag'dod va shimoldagi Mosulda sodir etilgani ta'kidlanadi. 2010-yilda 50 va undan ortiq odamni nobud qilgan jami 9 xuruj ro'y bergan.
Iroqni o'rganuvchi mutaxassis Piter Xarlingning aytishicha, 2006-2007-yillarga qaraganda mamlakat tinchroq.
"Bombalar onda-sonda portlab turadi, albatta, biroq xurujlar yirik mojaroga, fuqarolik urushiga yetaklagani yo'q", - deydi u.
Uning fikricha barqarorlik darajasini qurbonlar soniga qarab o'lchash to'g'ri emas. Siyosiy jarayonlarni ham hisobga olish kerak. 9 oylik tortishuvlardan so'ng hukumatning tuzilgani ijobiy hol va bu barqarorlikni mustahkamlaydi, deydi u.
Britaniya tashkiloti hisobotiga ko'ra, bu yil salkam 4 ming tinch fuqaro o'lgan. Uchdan ikki qismi bomba xurujlaridan.