Iroq hukumati Anbar viloyatini “Islomiy davlat” jangari guruhidan qaytarib olish amaliyoti boshlanganini ma’lum qildi. Jangarilar viloyatning aksariyat qismini, jumladan, Ramadi va Falluja shaharlarini nazorat qiladi.
Televideniye orqali e’lon qilingan bayonotga ko'ra, Iroq armiyasi, shia va sunniy jangchilari amaliyotda qatnashayapti.
May oyida “Islomiy davlat” Ramadini egallab olgach, Iroq hukumati va armiyasi keskin tanqidlar ostida qolgan edi. Shundan beri Bag’dod viloyatni qaytarib olishni o’zining asosiy maqsadlaridan biri deb e’lon qilgan.
Ramadi shahri poytaxt Bag’doddan 125 kilometr g’arbda joylashgan.
Yakshanba kuni Bag’dodda bir necha portlashlar yuz berib, unda kamida 29 kishi halok bo’lgan va 80 dan ziyod odam yaralangan. Hujum uchun mas’uliyatni hech kim bo’yniga olgani yo’q, ammo uning ortida “Islomiy davlat” turgani taxmin qilinadi.
2015-yil zo’ravonlik eng kuchaygan bir davr sifatida tarixga kirmoqda. “Islomiy davlat” jangarilari yangi manzillarni egallashga urinayotgan bir paytda Iroq armiyasi va mustaqil jangchi guruhlar ularni bu hududlardan surib chiqarishga harakat qilmoqda.
AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya esa havo zarbarlari orqali jangari manzillarini nishonga olmoqda.
BMT ma’lumotiga ko’ra, iyungacha jami 7800 kishi halok bo’lgan. Bu o’tgan yilgi jami qurbonlardan 600 nafarga ko’p.