Iroq mojarosidan asosan bolalar jabr ko'rmoqda

  • Amerika Ovozi
Iroq bolalari

Iroq bolalari

BMTning Bolalar jamg'armasi YUNISEF ma'lumotiga ko'ra, Iroqdagi zo'ravonliklar oqibatida millionlab bolalar tug'ilib o'sgan joylarini tark etgan, sarson bo'lib yuribdi, hayoti qil ustida.

"Islomiy davlat" urushdan boshi chiqmagan, zo'ravonliklar domiga cho'kkan Iroqda shimoliy hududlarni bir yil oldin ishg'ol qila boshlagan.

BMT hisobiga ko'ra, 2014-yil boshidan beri uch milliondan ziyod odam uyini tashlab chiqishga majbur bo'lgan, ko'pi jihodchilardan qochib. Ayni damda sakkiz milliondan ziyod iroqlikning yordamga muhtoj ekani aytiladi, yil oxiriga borib esa bundaylar soni 10 millionga yetishi mumkin.

YUNISEFning Iroqdagi vakili Kolin Makinnesning aytishicha, inqiroz tez sur'atlarda chuqurlashmoqda. Bundan asosan bolalar eng ko'p jabr ko'rmoqda, deydi u.

“Bir yilda bolalarga qarshi zo'ravonliklar 400 foizga oshdi. Bolalar mayib bo'lmoqda, o'g'irlanmoqda, eng muhim xizmatlardan ayrilmoqda. Maktabga qatnamayotgan bolalar uchun, bu xizmatlardan foydalana olmayotgan oilalar uchun hayot nihoyatda og'irlashgan”, - deydi BMT rasmiysi.

Makinnesning aytishicha, mamlakatda sog'liqni saqlash tizimi, ta'lim tizimi, hukumatning xavfsizlik tizimi barbod bo'lgan.

“Ayniqsa bolalar ayanchli ahvolda. Joriy o'quv yilida 650 ming bola ta'lim ololmadi, uch million nafari maktabga muntazam qatnay olmadi. Oilalar esa eng asosiy narsalardan mahrum bo'lgan”, - deydi YUNISEF vakili.

Makinnesning aytishicha, har hafta Anbar viloyatini salkam uch ming odam tark etmoqda. Odamlar ichimlik suviga, gigiyena ashyolariga, oziq-ovqatga, tunash uchun joyga muhtoj. BMT agentliklari moliyaviy yetishmovchilik va donor davlatlardan yetarlicha mablag' olinmayotgani sababli muhtoj insonlar ehtiyojlarini qondira olmaydi.

BMT rasmiysiga ko'ra, agar pul tushmasa, ichimlik suvi uch haftadan so'ng tugaydi. Donorlar yil oxirigacha zarur 48 million dollarning 20 foizini ajratgan, xolos, deydi u.