Iroqda oktabrdan beri davom etayotgan ommaviy noroziliklar natijasida hukumatga qarshi harakat vujudga keldi. Xalq ish o’rinlari yaratishni, davlat xizmatlari sifatini yaxshilashni, qashshoqlikka barham berishni talab qilmoqda. Hukumat namoyishlarni kuch bilan tarqatishga harakat qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika Ovozi” Bag’dod, Karbalo, Irbil, Musul shaharlarida bo’lib, aholi kayfiyatini o’rgandi.
Iroqlik namoyishchilarning aytishicha, ularning talablari oddiy – ish o’rinlari, xavfsizlik, tibbiy xizmatlar, ta’lim va iqtisodiyot. Neftga boy davlatdagi muammolar negizida, deydi ular, korrupsiya yotibdi.
Oktabr oyidan beri namoyishchilar mamlakatning markaziy va janubiy qismlarida joylashgan shaharlar markazini egallab, hukumat kuchlarining chodirli lagerlarni tarqatish harakatlariga qarshilik ko’rsatmoqda.
Shia musulmonlar uchun muqaddas hisoblangan Karbalo shahrida namoyishchilar bo’sh kelmoqchi emas.
“Bizga hayvonlardek muomala qilishmoqda. Talablarimiz qondirilmaguncha, uylarimizga tarqalmaymiz. O’lgan odamlarning hammasi, bevalar, yetimlar hech vaqosiz qoldi. Jarohat olganlarda ham, yoshu-qarida huquq yo’q. Hukumat bizni xonavayron qildi”, - deydi karbalolik Ali Xafaji.
Karbalodan ancha shimolda joylashgan Musul shahrida sunniy musulmonlar yashaydi. Shahar bir necha yil “Islomiy davlat” jangari to’dasi tomonidan boshqarilgan edi. Mahalliy aholi namoyishchilar tarafida ekanini aytadi, biroq zo’ravonliklar kelib chiqmasligi uchun va hukumat ularni terrorchi deb tamg’alamasligi uchun namoyishlarga qo’shilishdan hayiqishmoqda.
“Musulliklar boshqa shaharlardagi yoshlarni ijtimoiy sahifalar orqali, ta’minot bilan qo’llab turibdi. Ularga ruhiy madad ham beryapmiz, hamdardligimizni bildiryapmiz. Ish joylari va maktablarda ish tashlashlar bo’lib turibdi. Hozircha bundan boshqasiga qurbimiz yetmaydi”, - deydi faol Bender Okidi.
Irbil shimolda joylashgan yana bir shahar bo’lib, Kurdiston mintaqasi poytaxtidir. Iroqning boshqa joylariga qaraganda ancha xavfsiz joy, aholisi to’qroq.
Iroqlik kurd faollari ham namoyishga qo’shilmagan, ammo namoyishchilar talablarini qo’llab-quvvatlaydi. Zo’ravonliklar xavotiri, ayrim irbilliklar nazarida, mintaqa iqtisodiyotiga zarar qilmoqda.
“Odamlar katta narsa xarid qilishga qo’rqyapti hozir. Savdo ancha tushgan”, - deydi do’kon egasi Derbas Karim.
Poytaxt Bag’dodning Tahrir maydoni namoyish o’chog’iga aylangan. Faollar namoyish qilishdan boshqa choramiz yo’q, deydi. Shu kunga qadar 600 namoyishchi halok bo’lgan. Kundalik tahdidlarga qaramay, ular uyga tarqalmoqchi emas.
“Bu yerdan hech qayerga ketmayman. So’nggi nafasimizga qadar shu yerda turamiz”, - deydi poytaxtlik Husayn Rahim.
Iroqning yangi tayinlangan bosh vaziri Muhammad Tavfiq Allaviy namoyishchilar talablariga quloq solishga va’da berdi.
“Tinch namoyishchilar bilan muloqotni zudlik bilan boshlashga, ularning qonuniy huquqlarini qonunlar va Konstitutsiya doirasida ta’minlashga chaqiraman”, - dedi u.
Biroq bu oson emas, chunki Iroqdagi mahalliy kuchlar hamda Iroqqa ta’sirini o’tkazishga harakat qilayotgan xorijiy davlatlar hukumat ishini paysalga solmoqda.