Iroq kuchlari Tikrit shahrida "Islomiy davlat"ga qarshi jang qilishda davom etmoqda. Hukumat bir necha haftadan beri shaharni jangarilardan tortib olishga harakat qilyapti.
Ichki ishlar vaziri Muhammad Salim al-G'abbonning aytishicha, Tikrit deyarli hukumat qo'lida, shahar jangarilar qoldiqlaridan tozalanmoqda.
Kecha Bosh vazir Haydar Abadiy askarlarni tarixiy voqea bilan qutladi.
Qo'shma Shtatlar bu xabarni olqishlagan. Pentagonga ko'ra, Iroq kuchlari shaharning markaziy qismini nazorat qilmoqda, xolos, qolganida hali ham "Islomiy davlat" faol.
AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya jangarilarni havodan nishonga olmoqda. Jihodchilar Tikrit va Mosulni o'tgan yili ishg'ol qilgan. Iroq kuchlari Tikritni ulardan tozalagach, Mosulga ham hujum qilmoqchi.