Qo’shma Shtatlar Iroqqa muntazam yordam va’da qilayapti. Ikkisi erishgan bitimga ko’ra, amerikalik harbiy mutaxassislar Iroqqa safarbar etilib, ular AQSh qonunlari himoyasida faoliyat yuritadi. Lekin bu guruh nimani eplaydi?
Iroqda aholi bu manzaraga ko’nikib qoldi – Iroq va Shom islomiy davlati nomli jangari guruh yana bir shaharni tor-mor qildi.
Urushdan qochayotganlar dahshatda.
“Ko’rganimni videoga tushira olganimda edi…Har yoqda urush, to’polon. Bolalar, ayollar, keksalar qochgani joy topolmayapti”, - deydi iroqlik.
Amerikada ayrim qonunchilar Iroqda jangarilarni havodan urish kerak, deydi. Illinoys shtatidan kongressmen Adam Kinzinger urush faxriysi, Iroqda xizmat qilgan.
“Sunniy jangarilarni qo’porib tashlash kerak. Qishloqlar, shaharlardan haydash kerak ularni. Iroq armiyasi mamlakatni yana qo’lga olishi uchun sharoit yarataylik”, - deydi Adam Kinzinger.
Pentagon qurol-aslaha yuborishga shaylanayapti. Tank va boshqa jihozlar Iroq armiyasiga yetkazilishi kerak.
Shu oy Iroq Mudofaa vazirligi vertolyotlar jangarilarni o’qqa tutayotgani tasvirlangan videoni namoyish qildi. Yirik neft koniga hujum qaytarilgan. Lekin Iordaniya bilan chegaradosh hududlar jangarilarga boy berildi.
“Armiya chegaradan chekinayapti. Sarhadlar beqaror. Butun mamlakat beqaror”, - deydi Nuri Husayn, yuk mashinasi haydovchisi.
Amerika mudofaa rasmiylarining tan olishicha, Iroq xavfsizlik tizimida nuqsonlar ko’p. Jangarilarga turib beraman degan yetakchilar yetishmaydi. Vaziyat qanaqaligi to’liq ayon emas.
Amerikada ayrim sobiq mulozimlar nazarida Iroq xavfsizlik kuchlariga hozir suyanish to’g’ri bo’lmaydi.
Sara Cheys admiral Mayk Mullen, AQSh qurolli kuchlari qo’shma shtabi sobiq rahbari qo’lida ishlagan.
“Agar hukumat mazhablarga o’ta bo’lingan yoki o’ta poraxo’r bo’lsa, aholi bu hukumatga ishonmasa va o’zini oyog’osti qilinganday his qilsa, muammo chuqur. Qurolli kuchlar yoki politsiya safini oshirgan bilan bu muammoni yopa olmaysiz”, - deydi Sara Cheys.
Iroq xavfsizlik tizimi, ayniqsa, shimolda jangarilar oldida zaiflik qilayapti. Iroq va shom islomiy davlati jangari guruhining strategiyasi ish berayapti, deydi harbiy tahlilchi Pol Floyd.
“Jangarilar juda mobil va katta hududlarda tezkorlik bilan harakat qilayapti. Armiyani qo’rqitib, tarqatib yuborib kuchdan qoldirishga harakat qilmoqda. Ish berayapti bu usul”, - deydi Pol Floyd.
Bunaqa sharoitda Amerika harbiy maslahatchilari nima qila oladi? Buni vaqt ko’rsatadi.
Your browser doesn’t support HTML5